FUQAROLAR MAS’ULIYATLI BO‘LGAN JAMIYATDA JINOYATCHILIK BO‘LMAYDI!
2026-02-02 09:10:00 / Yangiliklar

Hurmatli tumanimiz aholisi!
Muhtaram Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida jinoyatchilikka qarshi kurashish, fuqarolarimizning xavfsizligini ta’minlash davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanib bormoqda. Jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlari, o‘tkazilayotgan tadbirlar jamoatchilik bilan hamkorlikda yanada mustahkamlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, fuqarolarimiz orasida qonunlarga hurmat tuyg‘usini oshirish, ushbu masalani o‘zlarining asosiy burch va mas’uliyati sifatida qarashga o‘rgatish bugungi kundagi dolzarb vazifalarimizdan biri sanaladi. Shu o‘rinda huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan faqatgina jazo choralarini qo‘llash bilangina emas, balki keng jamoatchilik orasida profilaktik tadbirlar, targ‘ibot va tashviqot ishlarini amalga oshirish orqali ham huquqbuzarliklarning oldi olinmoqda.
Aziz tumandoshlar!
Prezidentimiz jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda aholining huquqiy madaniyatini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratib kelmoqdalar. Har bir mahallani jinoyatchilikdan holi hududga aylantirish lozimligini ta’kidlab, bu boradagi sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirish zarur bo‘lmoqda.
Ayni paytda mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik institutlari bilan hamkorlikda olib borilayotgan keng ko‘lamli profilaktik tadbirlar natijasi o‘laroq har bir fuqaroda jinoyatchilikning oldini olish, jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etmaslikka nisbatan huquqiy ong va huquqiy madaniyat shakllanib bormoqda.
“Mening mahallamda jinoyat sodir bo‘lmasligi kerak", degan tuyg‘uni har bir fuqaro, ayniqsa, yoshlar ongida shakllantirish, befarqlik, loqaydlikka barham berish, pirovardida, har bir oila, ta’lim muassasasi, har bir mahallani jinoyatchilikdan holi hududga aylantirish, jamiyatda tinch va osoyishta hayotni ta’minlashning muhim sharti ekani ta’kidlanib kelinmoqda.
Tumanimiz aholisining sezilarli qismini yoshlar tashkil etishini e’tiborga olgan holda yoshlar tomonidan, ayniqsa voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarni oldini olish ustuvor vazifamiz hisoblanadi va bu sohada ham salmoqli ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, yosh avlod tarbiyasiga ham g‘oyat katta e’tibor qaratilishi maqsadga muvofiqdir va jinoyatchilikning oldini olish birinchi navbatda oiladan boshlanishini alohida ta’kidlash joizdir.
Qo‘yilgan barcha vazifalarning negizi bo‘lib, eng avvalo, inson huquqlari himoyasining kafolatlarini so‘zsiz ta’minlash, qonun hamda adolat ustuvorligini qaror toptirish hisoblanadi. Shu bois bizdan ushbu mas’uliyatli vazifalarni bajarish uchun o‘z vakolatlarimiz, bilimimiz, tajribamiz va bor imkoniyatlarimizni to‘liq safarbar etish, bunda asosiy e’tiborni huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash hamda oldini olishga qaratish va bu borada bir qancha vazifalarni amalga oshirish, huquqiy mexanizmni ham takomillashtirish talab etiladi.
Biz, prokuratura organlari tumanimizda sog‘lom huquqiy muhitni yaratish, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida, doim xalq bilan birga harakat qilamiz. Agar siz yoki yaqinlaringiz shubhali holatlarga duch kelsangiz, befarq bo‘lmang! Zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiling! Har biringizning faol va mas’uliyatli ishtirokingiz barchamizning xavfsiz hayotimiz uchun mustahkam zamin yaratadi.
Shuni unutmangki, fuqarolari mas’uliyatli va jamoaviy hamjihatlik ustuvor bo‘lgan joyda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga o‘rin bo‘lmaydi!
Faxriddin MIRZAYEV, Ohangaron tumani prokurori.
