Tuman hokimi g‘isht zavodi faoliyati bilan tanishdi
2026-01-21 15:35:00 / Yangiliklar

Tashrif davomida tuman rahbari ishlab chiqarish jarayonlari, korxona quvvati, ish hajmi hamda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish masalalari bilan qiziqdi. Shuningdek, ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifati, uning ichki va tashqi bozorlarda realizatsiya qilinishi, kelgusida ishlab chiqarishni yanada kengaytirish imkoniyatlari yuzasidan atroflicha ma’lumot oldi.
Korxona rahbari bilan bo‘lgan o‘zaro do‘stona muloqot chog‘ida bu yerda yaratilgan ish o‘rinlari, mahalliy aholini ish bilan ta’minlash, mehnat sharoitlari hamda ishchilar uchun yaratilgan ijtimoiy qulayliklar xususida so‘z yuritildi. Qayd etilishicha, zavod faoliyati mahallada bandlikni ta’minlash, aholi daromadlarini oshirish va hudud iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tuman hokimi o‘z navbatida, korxona atrof-muhitini obodonlashtirish, hududni chiqindilardan tozalash, sanitariya holatini yaxshilash, shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat o‘tqazish va yashil hududlarni kengaytirish ishlarini tizimli ravishda tashkil etish muhimligini ta’kidladi. U bu kabi ishlar nafaqat ekologik barqarorlikni ta’minlash, balki korxona imidjini yanada yuksaltirishga xizmat qilishini qayd etdi.
O‘z navbatida, xitoylik hamkor mazkur takliflarni qo‘llab-quvvatlab, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga befarq bo‘lmasligini, atrof-muhitni muhofaza qilish borasida doimiy choralar ko‘rib borishini ma’lum qildi. Shuningdek, u tuman hokimligi bilan yaqin, do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida hamkorlikni kengaytirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va ijtimoiy loyihalarda faol ishtirok etish bo‘yicha o‘zaro fikr almashdilar.


