Tuman hokimi koreys kompaniyasi vakillarini qabul qildi
2026-01-21 18:20:00 / Yangiliklar

Investorlarning ma’lum qilishicha, Ohangaron tumani hududida daraxt va manzarali o‘simliklar yetishtirish, ko‘chatlar yetkazish, yashil himoya kamari yaratish hamda ekologik holatni yaxshilashga qaratilgan ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish niyati bor. Ushbu jarayonlarga innovatsion texnologiyalar jalb qilinadi va suv tejamkorligi sharoitida ko‘chatlar yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.
Loyihani amalga oshirish natijasida atmosfera havosi va avtomobil yo‘li bo‘yi sanitar-ekologik holat yaxshilanadi, chang va shovqin ta’siri kamayadi, aholi uchun sog‘lom va barqaror ekologik muhit yaratiladi. Shuningdek, yangi ish o‘rinlari ham tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Kompaniya vakillari, shuningdek, O‘zbekistondagi birinchi ofisning aynan Ohangaron tumanida ochilishini va loyihani keyinchalik ommalashtirishdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidlab, tuman hududidan yer ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rashdi.
Tuman hokimi Bahrom Norqobilov ushbu tashabbusning ahamiyatini alohida ta’kidlab, investorlarga loyihani amalga oshirishda har tomonlama ko‘mak berilishini ma’lum qildi. Shuningdek, uchrashuv davomida muzokaralarni keyinchalik ham davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ushbu hamkorlik nafaqat ekologik muhitni yaxshilash, balki tumanda yangi ish o‘rinlari yaratish va hududni obodonlashtirishga ham xizmat qiladi.


