“Sanam” mahallasiga Filippindan ingliz tili o‘qituvchisi keldi
2026-01-14 13:15:00 / Yangiliklar

Mazkur loyiha doirasida tumanning olis va chekka hududlarida joylashgan ta’lim muassasalariga ham malakali xorijiy til o‘qituvchilarini jalb etish ishlari olib borilmoqda. Bu esa qishloq joylarda ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilar uchun teng imkoniyatlar yaratishga xizmat qilmoqda.
Jumladan, Ohangaron tumani “Sanam” mahallasida joylashgan 33-sonli umumta’lim maktabiga Filippin davlatidan tajribali va mahoratli ingliz tili o‘qituvchisi Eliza Hermoso jalb etildi. Ushbu o‘qituvchi tomonidan o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar zamonaviy uslublar, interaktiv metodlar hamda xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan holda tashkil etilmoqda.
Darslar jarayonida o‘quvchilarning so‘zlashuv qobiliyatini rivojlantirish, tinglab tushunish, yozish va o‘qish ko‘nikmalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, o‘quvchilarni erkin muloqot qilishga o‘rgatish, o‘z fikrini ingliz tilida ravon bayon etishga undash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Mazkur tashabbus o‘quvchilarning xalqaro til sertifikatlarini qo‘lga kiritish, chet el oliy ta’lim muassasalariga kirish va global bilimlar bilan tanishish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Bu esa ularning kelajakda raqobatbardosh kadrlar bo‘lib yetishishiga mustahkam poydevor yaratadi.




