Harbiy qismda bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi
2026-01-14 13:05:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirda tuman hokimligi vakillari, harbiy xizmatchilar, ularning ota-onalari, faxriylar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Bayram tadbiri O‘zbekiston davlat madhiyasini ijro etish bilan boshlandi.
Tantanada tuman hokimining chegara masalalari bo‘yicha yordamchisi G‘anisher Navro‘zov so‘zga chiqib, Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilovning harbiy xizmatchilar, faxriylar hamda ularning ota-onalariga yo‘llagan bayram tabrigini tantanali ravishda o‘qib eshittirdi. Tabrikda Vatan himoyachilarining fidokorona xizmatlari, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashdagi o‘rni, shuningdek, yurt ravnaqi yo‘lidagi xizmatlari alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, harbiy qism komandiri Mirshohid Sahobov so‘z olib, barcha harbiy xizmatchilarni, ularning ota-onalari hamda faxriylarni ulug‘ sana bilan samimiy tabrikladi. U o‘z nutqida harbiylarning burchga sadoqatliligi, jasorat va matonati, yuksak intizomi mamlakat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi.
Tadbir davomida xizmat faoliyatida faollik ko‘rsatib, yuksak natijalarga erishgan bir qator harbiy xizmatchilar rahbariyat tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, bir necha harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvonlar tantanali ravishda topshirildi.
Bundan tashqari, tadbirda harbiy xizmatchilarning ota-onalariga ham alohida ehtirom ko‘rsatilib, ularga bayram sovg‘alari taqdim etildi. Bu esa farzandlarining Vatan oldidagi sharafli xizmatini qadrlash, ota-onalar mehnatiga hurmat ifodasi sifatida e’tirof etildi.
Tantanali tadbir tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan davom etdi. Vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlar, musiqiy chiqishlar tadbirga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.









