"Qiziloy" mahallasida tomorqachilikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy seminar tashkil etildi
2026-01-12 17:15:00 / Yangiliklar

Mazkur maqsadda bugun tumanning “Qiziloy” mahallasi, Nurafshon ko‘chasi 39-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro Qahramon Sayfitdinov xonadonida “Aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali ularning daromadlarini oshirish” mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi.
Tadbirda tuman hokimligi mas’ullari, Respublika ishchi guruhi, mahallalar “yettiligi” a’zolari, tegishli mas’ul tashkilotlar rahbarlari, fuqarolar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Seminar davomida Toshkent davlat agrar universitetining bir qator olim va mutaxassislari tomorqachilikni rivojlantirish, bir mavsumda 2–3 marta hosil olish imkoniyatlari, yuqori hosildorlikka erishish usullari bo‘yicha ma’ruzalar qilishdi.
Shuningdek, tomorqa yerlarida va issiqxonalarda sabzavotlar yetishtirish, meva va turli o‘simliklardan sifatli va serhosil natija olishda agrotexnik tadbirlarning o‘rni, issiqxonalarda sitrus mevali o‘simliklarni parvarishlash texnologiyasi, sabzavot va poliz ekinlarida uchraydigan kasalliklar hamda ularga qarshi kurashish choralari kabi dolzarb mavzular yuzasidan mutaxassislarning amaliy tavsiyalari eshitildi.
Seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita soha mutaxassislaridan javoblar olishdi. Shu bilan birga, tadbirda xonadon egasi Qahramon Sayfitdinovning tomorqachilik sohasida erishgan yutuqlari, samarali tajribasi ishtirokchilarga namuna sifatida ko‘rsatildi.
Mutasaddilar tomonidan bunday seminarlar aholining yerdan unumli foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish, qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish, oilalarning iqtisodiy barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.






