Belarus elchisi Ohangaron tumaniga tashrif buyurdi
2026-01-09 14:55:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida elchiga tumanda joriy etilayotgan mavjud investisiya loyihalari, ularning iqtisodiy samarasi, ishlab chiqarish quvvatlari, yaratilayotgan yangi ish o‘rinlari hamda kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan istiqbolli loyihalar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, sanoat va xizmatlar sohasidagi rejalar haqida fikr almashildi.
Muxtor elchi yurtimizda investorlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar, soliq va bojxona imtiyozlari, yer ajratish, infratuzilma bilan ta’minlash hamda davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralarini yuksak baholadi. U mazkur islohotlar xorijiy investorlar uchun jozibador ekanini ta’kidlab, Belarus Respublikasidagi biznes doira vakillari va tadbirkorlarga ham ushbu imkoniyatlar haqida keng ma’lumot berishini bildirdi.
Tashrif doirasida ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish, texnologik tajriba almashish hamda iqtisodiy aloqalarni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Belarus kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirib kelishida “Eltech Industrial” texnoparki imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakillari hamda Ohangaron tumani hokimining o‘rinbosari Sardor Usmonov ishtirok etdi.
Mazkur tashrif ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yana-da mustahkamlash, yangi investisiya loyihalarini amalga oshirish hamda o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.




