"Xavfsiz xonadon" oyligi davom etmoqda
2026-01-06 10:40:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan, bugun Ohangaron tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi tashabbusi bilan tumandagi mahalla raislari, shuningdek, tegishli tashkilot va idoralar vakillari ishtirokida maxsus uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda “Xavfsiz xonadon” oyligi davomida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar, mas’ullarga yuklatilgan vazifalar hamda hamkorlikda ish olib borish tartibi yuzasidan atroflicha instruksiya berildi.
Tadbir davomida is gazi bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning asosiy sabablari, ularning oldini olish choralari, xonadonlarda gaz va isitish jihozlaridan xavfsiz foydalanish qoidalariga qat’iy rioya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, xonadonlarni ko‘rikdan o‘tkazish, xavf omillarini barvaqt aniqlash hamda kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda mahalla raislari va tashkilot vakillariga oylik davomida har bir mahallada manzilli profilaktik tadbirlar o‘tkazish, aholini xavfsizlik qoidalari bo‘yicha doimiy xabardor etib borish, shuningdek, favqulodda holatlar yuzaga kelganda tezkor harakat qilish mexanizmlari yuzasidan tushunchalar berildi.
Mazkur “Xavfsiz xonadon” oyligi aholi salomatligini muhofaza qilish, turli baxtsiz hodisalarning oldini olish, fuqarolarda xavfsizlik madaniyatini shakllantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli hisoblanadi.




