Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilovning Yangi yil tabrigi
2025-12-31 09:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Yangi yil – ezgu niyatlar, yuksak maqsadlar va yangi yutuqlar sari ishonch bilan qadam qo‘yadigan bayramdir. Bu shukuhli onlarda har bir xonadonga quvonch, fayz-baraka, tinchlik va osoyishtalik tilayman.
O‘tib borayotgan 2025-yil mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”, deb e’lon qilingani bejiz emas. Ushbu yo‘nalishda Ohangaron tumanida ham keng ko‘lamli, amaliy ishlar olib borildi. Atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik madaniyatni oshirish, yashil hududlarni kengaytirish, daraxt ekish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, “yashil” iqtisodiyot tamoyillari asosida energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, infratuzilmani yaxshilash, aholi turmush farovonligini oshirish, ijtimoiy soha, ta’lim, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik va bandlik yo‘nalishlarida salmoqli natijalarga erishildi. Mahallalar obod qilinib, yo‘llar, ijtimoiy obyektlar, sport va madaniy maskanlar barpo etildi yoki ta’mirlandi.
Albatta, bu yutuqlar tumanimizda mehnat qilayotgan fidoyi ishchi-xodimlar, ziyolilar, tadbirkorlar, nuroniylar, faol yoshlar va butun jamoatchilikning hamjihatligi, sa’y-harakatlari natijasidir.
Aziz tumandoshlar!
Barchangizga ma’lumki, Muhtaram Yurtboshimiz Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida kirib kelayotgan 2026-yilni yurtimizda "Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili", deb e’lon qildi. Bunda juda katta mazmun-mohiyat mujassam. Zero, mahalla obod bo‘lsa, yurt farovon bo‘ladi, mahalla rivojlansa, mamlakat taraqqiy etadi. Yurtboshimiz kelgusi yilda barcha sohalarda amalga oshiriladigan islohotlar va vazifalarni aniq belgilab berdilar. Ushbu xalqchil islohotlarning tag-zamirida yana bir bor inson qadri, inson manfaatlari ustuvor ekanligini ko‘rishimiz mumkin.
O‘ylaymanki, kirib kelayotgan Yangi yilda ham oldimizga qo‘yilgan ulug‘ maqsadlarimizni birgalikda amalga oshirish, tumanimizni yanada obod va farovon maskanga aylantirish yo‘lida bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etib, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda o‘z hissamizni qo‘shamiz deb ishonaman.
Yangi 2026-yil har bir oilaga sog‘lik, xotirjamlik, qut-baraka, farzandlarimizga omad va kamolot olib kelsin. Yurtimiz osmoni doimo musaffo, hayotimiz tinch va farovon bo‘lsin!
Yana bir bor siz azizlarni Yangi yil bilan tabriklayman! Yangi yil muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan, Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov.
