Yoshlar bilan ochiq muloqot — kelajakka ishonchli qadam
2025-12-23 13:45:00 / Yangiliklar

Uchrashuvni ochib bergan tuman hokimi Bahrom Norqobilov o‘z so‘zida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati, uning mazmun-mohiyati hamda yosh avlod uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Tuman hokimi yurtimizda yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi va o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishi uchun barcha sharoitlar mavjud ekanini alohida ta’kidladi.
Shundan so‘ng, tuman Yoshlar ishlari bo‘limi rahbari Abror Merganov so‘zga chiqib, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, bandlik, ta’lim, tadbirkorlik, sport va madaniyat sohalarida yo‘lga qo‘yilgan ishlar haqida axborot berdi. Shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar natijalariga to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuv davomida turli sohalarda yuqori natijalarga erishgan tumanimizning iqtidorli yoshlari ham so‘zga chiqib, o‘z yutuqlari, hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Ular tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar tadbir ishtirokchilari — tengdoshlariga katta motivatsiya bo‘lib xizmat qildi.
Shuningdek, “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi raisi G‘ofurjon Xuseynov o‘z chiqishida yoshlarga ma’naviy-axloqiy tarbiya, sabr-toqat, mehnatsevarlik va Vatanga sadoqat haqida ibratli nasihatlar berdi. U yoshlarning bilimli, ongli va faol bo‘lib kamol topishi jamiyat taraqqiyotining asosiy omili ekanini ta’kidladi.
Tadbirning muhim qismida tuman hokimi yoshlarning murojaat va takliflarini tingladi. Yoshlar tomonidan ishga joylashish, ta’lim, tadbirkorlikni rivojlantirish, infratuzilma, subsidiya ajratish hamda boshqa ijtimoiy masalalar yuzasidan bir qator murojaatlar bo‘ldi. Barcha murojaatlar diqqat bilan ko‘rib chiqilib, ularni ijobiy hal etish bo‘yicha tegishli mutasaddilar bilan aniq chora-tadbirlar belgilanishi ta’kidlandi.
Tuman yoshlarida katta taassurot qoldirgan bugungi uchrashuv yoshlar va mahalliy hokimiyat o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, yoshlarning muammo va takliflarini joyida hal etish, eng muhimi, ularni mamlakat taraqqiyotiga dahldorlik hissi bilan tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etdi.









