Bahromjon Norqobilov “Qoraxitoy” mahallasiga tashrif buyurib, mahalla “yettiligi” a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi
2025-12-15 12:50:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi tomonidan o‘z yo‘nalishlari kesimida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan atroflicha axborot berildi. Jumladan, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, aholi murojaatlari bilan ishlash hamda mahalladagi mavjud muammolar bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Tuman hokimi o‘z nutqida mahallada kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha aniq va manzilli ishlarni tashkil etish, ishsiz aholini kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, oilalar bilan individual ishlash, imkoniyati cheklangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy taklif va tavsiyalar berildi.
Uchrashuv davomida yoshlar va xotin-qizlar bilan olib borilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish, ularning bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ta’lim, sport va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga keng jalb etish yuzasidan ham tegishli ko‘rsatmalar berildi. Bu borada mahalladagi mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish lozimligi ta’kidlandi.
Tuman rahbari tashrif doirasida mahalla binosi bilan ham yaqindan tanishib, bu yerda yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rgandi. Faollar zalida aholi, ayniqsa, yoshlar uchun ma’naviy-ma’rifiy maskan sifatida kutubxona tashkil etish taklifini bildirib, bu orqali kitobxonlikni targ‘ib etish va ma’naviy muhitni yanada boyitish mumkinligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida bildirilgan taklif va ko‘rsatmalar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash, mahallada amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.









