Ohangaron tuman IIB boshlig‘i Jo‘rayev Ulug‘bek Turabekovichning tumanimiz hududida jamoat tartibini va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha aholiga MUROJAATI
2025-12-10 17:55:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 11 oyi mobaynida tuman hududidagi mahallalarda jami 368 ta jinoyat sodir etildi, shundan oldini olish mumkin bo‘lgan 181 ta jinoyatning 16 tasi tan jarohati bilan bog‘liq, 7 tasi o‘g‘irlik 164 tasi boshqa jinoyatlarni tashkil etadi.
Jami 31 ta mahallalarimizning 9 tasida umuman jinoyat bo‘lmagan bo‘lsa, 3 tasi “qizil” mahalla toifasida qolmoqda.
Joriy yilning 3-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF-207-sonli Farmoni qabul qilingan bo‘lib, ushbu Farmon talablari asosida IIVning 17-noyabr kuni 428-sonli Farmoyishi ishlab chiqilgan. Hozirda ushbu farmoyish asosida tuman hududida profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, “Kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha manzilli choralar” Konsepsiyasi asosida oila-turmush doirasida huquqbuzarliklar sodir etuvchi shaxslarning (janjalkash va nizoli oilalar) holidan majburiy ravishda kamida har 3 kunda xabar olish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish borasida “mahalla yettiligi” tomonidan fuqarolar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib boruvchi “mahalla targ‘ibotchisi” jamoatchilik guruhlari tashkil etilib, mahalladagi jamoat joylari, ko‘p qavatli turar joy va uylar oldida “tashvish” tugmalari o‘rnatildi. “Namunali xavfsiz ko‘cha” va “namunali xavfsiz uy”lar tashkil etildi. Tuman hududidagi mahallalarda ichki ko‘chalarni yoritish uchun bosqichma-bosqich yoritish jixozlari o‘rnatilishi yo‘lga qo‘yilmoqda
Hurmatli tumanimiz aholisi va mehmonlari!
Jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, eng avvalo, qonunlarga hurmat va ularga rioya qilishdan boshlanadi.
Biz uchun oddiy hisoblangan qoidabuzarliklar ham katta jinoyatlarning boshlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu bois, har bir fuqaro qonunga itoatkor bo‘lishi, o‘z huquq va burchlarini chuqur bilishi, shuningdek eng asosiysi, halqimizning an’anaviy va tarixiy ustuni hisoblanib kelgan mahalla faollari, nuroniy otaxon-onaxonlarimiz, ota-onalar, bevosita kelajagimizning poydevori bo‘lgan yoshlarimizga davlatimiz qonunlariga rioya qilish, ularning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini shakllantirishda befarq bo‘lmasliklari zamonning dolzarb talablaridan biridir.
Ayollar va yoshlar jamiyatimizning tayanchi va kelajagidir. Ularni turli zo‘ravonlik, noqonuniy ta’sirlar va zararli oqimlardan himoya qilish, voyaga yetmaganlarni sog‘lom, ma’naviyatli va qonunga hurmat ruhida tarbiyalash barchamizning umumiy burchimizdir.
Har bir jamiyatning eng kichik va boshlang‘ich nuqtasi hisoblangan oila – insoniyat hayotining eng muqddas maskani, millatning ma’naviy tayanchi va kelajak avlod tarbiyasining beqiyos maktabidir. Aynan ayollar, voyaga yetmaganlar va yoshlar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarning vujudga kelishini oldini oluvchi boshlang‘ich nuqta ham bevosita oiladir.
Mahalla xalqimizning qadimiy qadriyatlar va hamjihatlik makoni bo‘lib, jinoyatchilikning oldini olishda mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar va jamoatchilikning birlashgan sa’y-harakati jinoyatchilikka qarshi kurashda katta samara beradi.
Yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlash barchamizning qo‘limizda. Qonunlarga rioya qilish, jinoyatchilikka qarshi murosasiz bo‘lish va adolatni ulug‘lash orqali farzandlarimiz uchun obod va xavfsiz Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etamiz va bu barchamizning eng asosiy burchimizdir.
Hurmatli vatandoshlar!
Har birimiz burch va mas’uliyat bilan mahallamizni asrashimiz, doim xushyor va sergak bo‘lishimiz darkor hamda huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi murosasiz kurashishimiz orqali oldimizga qo‘yilgan barcha maqsadlarga erishamiz!
Ulug‘bek Jo‘rayev, Ohangaron tuman IIB boshlig‘i.
