Ohangaron tumani IIB boshlig‘i Ulug‘bek Jo‘rayevning kiberjinoyatlarning oldini olish yuzasidan aholiga yo‘llagan MUROJAATI
2025-11-29 09:10:00 / Yangiliklar

Hurmatli tumanimiz aholisi!
Ohangaron tumanida kriminogen vaziyatni yaxshilash, huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishining oldini olish borasida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilayotganidan yaxshi xabardorsiz. Bu dolzarb vazifalarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish hamkorlik masalalariga ham bog‘liq. Shu bois Siz – azizlarga murojaat qilmoqchiman.
Xabaringiz bor, keyingi paytlarda tumanimizda noma’lum shaxslar tomonidan bank to‘lov kartalaridan pul yechib olish holatlari ortib bormoqda.
Kiberjinoyatlarni sodir etishning quyidagi usullaridan ogoh bo‘lishingiz kerakligini yana bir bor eslatib o‘tishni lozim topdik.
Birinchidan, telefoningizga notanish yoki yashirin raqamlardan qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini “bank xodimi” yoki boshqa bir moliya tashkilot xodimi sifatida tanishtirib, sizga homiylik sifatida pul ajratilishi, fondlardan pul ajratilishi, nafaqaga chiqish davriga aniqlik kiritish kabi pul berilishi bilan bog‘liq xabarlarni aytsa, aslo ishonmang!
Bunday vaziyatlarda soddalik qilib, shaxsingizga oid ma’lumotlar, pasport raqamingiz, yuz tasviringizni telegramdagi profilingizni yubormang! Chunki, ayni usulda firibgarlar aldov yo‘li bilan kartangizdagi mablag‘laringizni o‘zlashtirib oladi.
Ikkinchidan, telegramdagi profilingiz orqali notanish akkauntlardan bir-ikki daqiqa vaqtingizni ajratishingizni, moliyaviy o‘yinlarda ishtirok etib, ko‘proq pul olish, investitsiya kompaniyalariga pul tikib daromadga ega bo‘lishingiz, mijozlarga jamoatchilik xizmatini oshirish, hech nima ish qilmasdan kuniga 22 ming so‘mdan mablag‘ni olish kabi tekinga pul berish bilan bog‘liq yolg‘on xabarlarni bildirish orqali, shaxsingizga oid ma’lumotlar, pasport raqamingiz, yuz tasviringizni aldov yo‘li bilan olishga erishishi mumkin.
Uchinchidan, firibgarlar turli tashkilot, korxona, kompaniyalarga tegishli bo‘lgan telefon raqamlarni soxtalashtirishga imkon beruvchi dasturlardan foydalanib, tekinga pul berish bilan bog‘liq yolg‘on xabarlarni bildirish orqali, shaxsingizga oid ma’lumotlar, pasport raqamingiz, yuz tasviringizni aldov yo‘li bilan olishga qo‘lga kiritishga harakat qiladi.
Mazkur holatlar telefoningizga ulangan bank to‘lov kartangizga kiberjinoyatlarning yashirin ravishda va tezkorlik bilan kirib, undagi pullarni o‘g‘irlash orqali yoki nomingizga xususiy moliyaviy korxonalardan kreditlar rasmiylashtirish orqali pullarni o‘zlashtirib, qarzdor bo‘lishingizga sabab bo‘ladi!
Shu bois, plastik karta raqamingiz, pasport raqamingiz va boshqa shaxsiy ma’lumotlaringizni hech qachon hech kimga bermang va bu takliflarga rozi bo‘lmang!
Bunday murojaat yoki taklif bo‘lsa, quyidagi tavsiyalarga amal qiling:
Avvalo, suhbatni darhol to‘xtatib, bu to‘g‘risida zudlik bilan Ichki ishlar organlaridagi
102 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering! Ichki ishlar organlarida tezkor-surishtiruv ishlari o‘tkazilishi, murojaat qilgan tashkilot yoki fuqaroning firibgar yoki ishonchli ekani tekshirilib berilishi ta’minlanadi.
Shuni yodda tuting, “Tekin pishloq qopqonda” bo‘ladi, deganlaridek firibgarlarga aldanib qolmang!
Hurmatli tumandoshlar!
Ohangaron tumanida jami 31 ta mahallalarimizning 9 tasida umuman jinoyat bo‘lmagan bo‘lsa, 4 tasi “qizil” mahalla toifasida qolmoqda.
Joriy yilning 18-avgust kuni davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimi natijadorligini yanada oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi PQ-253 sonli Qarorlari qabul qilindi.
Mazkur Qaror bilan “Kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha manzilli choralar” Konsepsiyasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, oila-turmush doirasida huquqbuzarliklar sodir etuvchi shaxslarning (janjalkash va nizoli oilalar) holidan majburiy ravishda kamida har 3 kunda xabar olish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi, mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish borasida “mahalla yettiligi” tomonidan fuqarolar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib boruvchi “mahalla targ‘ibotchisi” jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi, mahalladagi jamoat joylari, ko‘p qavatli turar joy va uylar oldida “tashvish” tugmalari o‘rnatiladi, “namunali xavfsiz ko‘cha” va “namunali xavfsiz uy”lar tashkil etiladi.
Hurmatli tumanimiz aholisi va mehmonlari!
Jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, eng avvalo, qonunlarga hurmat va ularga rioya qilishdan boshlanadi. Biz uchun oddiy hisoblangan qoidabuzarliklar ham katta jinoyatlarning boshlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu bois, har bir fuqaro qonunga itoatkor bo‘lishi, o‘z huquq va burchlarini chuqur bilishi, shuningdek eng asosiy halqamizning an’anaviy va tarixiy ustuni hisoblanib kelgan mahalla faollari, nuroniy otaxonlar-onaxonlarimiz, ota-onalar, bevosita kelajagimizning poydevori bo‘lgan yoshlarimizga davlatimiz qonunlariga rioya qilish, ularning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini shakllantirishda befarq bo‘lmasliklari zamonning dolzarb talablaridan biridir.
Ayollar va yoshlar jamiyatimizning tayanchi va kelajagidir. Ularni turli zo‘ravonlik, noqonuniy ta’sirlar va zararli oqimlardan himoya qilish, voyaga yetmaganlarni sog‘lom, ma’naviyatli va qonunga hurmat ruhida tarbiyalash barchamizning umumiy burchimizdir.
Har bir jamiyatning eng kichik va boshlang‘ich nuqtasi hisoblangan oila - insoniyat hayotining eng muqddas maskani, millatning ma’naviy tayanchi va kelajak avlod tarbiyasining beqiyos maktabidir.
Aynan ayollar, voyaga yetmaganlar va yoshlar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarning vujudga kelishini oldini oluvchi boshlang‘ich nuqta ham bevosita oiladir
Mahalla xalqimizning qadimiy qadriyatlari va hamjihatlik makoni bo‘lib, jinoyatchilikning oldini olishda mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar va jamoatchilikning birlashgan sa’y-harakati jinoyatchilikka qarshi kurashda katta samara beradi.Yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlash barchamizning qo‘limizda.
Qonunlarga rioya qilish, jinoyatchilikka qarshi murosasiz bo‘lish va adolatni ulug‘lash orqali farzandalrimiz uchun obod va xavfsiz Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etamiz va bu barchamizning eng asosiy burchimizdir.
Hurmatli vatandoshlar, har birimiz burch va mas’uliyat bilan mahallamizni asrashimiz, doim xushyor va sergak bo‘lishimiz huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi murosasiz kurashishimiz orqali oldimizga qo‘yilgan barcha maqsadlarga erishamiz.
Ulug‘bek JO‘RAYEV, Ohangaron tumani IIB boshlig‘i.
