TO‘YLARIMIZ HAQIDA O‘YLARIMIZ!
2025-11-28 14:35:00 / Yangiliklar

Yurtimizda to‘ylar va u bilan bog‘liq jarayonlar haqida ko‘p fikrlar aytilmoqda. Hattoki, respublika miqyosida “Maromiylik” loyihasi doirasida tashabbuslar bilan chiqilib, amaliy ishlar ham boshlandi.
Nikoh to‘yi nima o‘zi? Keling, avvalo shu savolga javob topaylik. To‘y inson hayotidagi eng muhim voqealardan biri bo‘lib, u faqat ikki insonning birlashuvi emas, balki yangi oila poydevorining qo‘yilishidir. Ajdodlarimiz an’analarida bu borada aniq yo‘l-yo‘riqlar berilib, nikohni yengillashtirish, ortiqcha isrofgarchilikdan qochishga chaqirilgan.
Agar yaqin o‘tmishga nazar solinsa, bizning milliy to‘ylarimizda bunday qarashlar umuman yo‘q edi. Masalan, oddiygina “kelin salom” va “yuz ochar” tadbirlarini bir tahlil qilsak... Yangi xonadonga qadam qo‘yayotgan kelinchak shu uyning ostonasiga, yoshi ulug‘lariga, qaynota va qaynonasiga, qayni va qaynisingillariga, ovsinlariga ehtirom ila salom qilib, shu xonadon a’zoligiga qabul qilingan. Bu yerda hech qanday ovoragarchilik va ortiqcha narsaning o‘zi yo‘q edi. Bu bizning qadim buvijon va momolarimizdan qolgan milliy qadriyatimiz edi. Sovg‘alarga kelsak, yangi kelin uchun “ko‘rmana” berilgan. Chunki, yangi kelinni ko‘rish uchun kelgan mehmonlar ko‘rmana bilan ko‘rishishgan. Har kim topganini bergan. Bu jarayonda hech kim sovg‘aga e’tibor bermagan, aksincha kelin bilan tanishish, deya baholangan. Bugungi kundagi qudalar tomonidan berilayotgan sovg‘a-salomlarning “almashinuvi”ni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Go‘yoki, hammasi xo‘jako‘rsinga va kim o‘zarga qilinayotgandek... Goho hayron qolaman, shu sovg‘alarni olish uchun ertalabki “kelin salom”ga kelayotgan mehmonlar ham yo‘q emas! Agar “yuz ochar” marosimida haqiqatan ham kelinchakning ibo va hayosi nazarda tutilsa, unda nikohdan oldin o‘tkaziladigan “qiz bazmi”ning nima keragi bor? Hattoki, qaynona-kelin, kuyov-kelin birgalikda raqsga tushishadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham o‘z davrlarida nikohni yengillashtirish va ma’naviy jihatdan boy qilishga chaqirganlar. Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Safiyya roziyallohu anho bilan to‘y qilganlarida, valima taomi sifatida saviq (qovurilgan bug‘doy yoki arpa uni) va xurmo tortdilar”. Bu hadisdan ko‘rinib turibdiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam to‘y marosimlarini ortiqcha dabdaba bilan emas, balki oddiy va barakali taomlar bilan o‘tkazganlar. To‘y marosimining asosiy maqsadi isrofgarchilik qilish emas, balki nikohning e’lon qilinishi va mo‘minlarning bir-biriga duolar qilishidir.
Yana bir jihatga to‘xtalmoqchi edim: kelin va kuyov chaqiriqlarini o‘tkazishdan maqsad, quda taraf va ularning qarindoshlarini bir-birlari bilan yaqindan tanishib olishlari, kelgusida “qudachilik ming yilchilik”ka amal qilish, shuningdek, yaxshi va yomon kunlarida yonida turish ko‘zda tutilgan. Ikkala tomon ham chaqiriqlarda qo‘yilayotgan “sarpo suruq”larga ko‘z tikishmagan.
Agar e’tibor bilan qaralsa, shu kunlarda o‘tkazilayotgan to‘ylarimizdagi ortiqcha dabdabalar va marosimlar shu darajada ko‘pki, ko‘plari go‘yo xo‘jako‘rsinga qilinayotgandek... Sababi ma’lum, o‘zbek ayollarida birinchidan, taqlid o‘ta kuchli va ikkinchidan, shunday bo‘lishi kerak, men qiladigan to‘y-u tomosha hech kimnikidan kam bo‘lmasligi kerak, degan tushunchalar allaqachon shakllanib ulgurgan. Bilmadim-u, bugungi to‘ylardagi mantiqsizlikni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Payg‘ambarimiz ta’kidlab o‘tganlaridek: “Nikohning eng barakali bo‘lgani eng oson va eng yengil qilinganidir”.
Atoqli jadid bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy bundan yuz yil oldin “To‘y va ta’ziyaga sarf qilinadurg‘on aqchalarimizni biz turoniylar ilm yo‘lig‘a sarf etsak, anqarib ovropayilaridek taraqqiy etarmiz va o‘zimizda obro‘y va rivoj topamiz. Yo‘q, hozirgi holimizg‘a davom etsak, din va dunyog‘a zillat va miskinatdan boshqa nasibamiz bo‘lmaydur!” – degan edi. Qaranki, oradan bir asr o‘tibdiki, hali ham bu muammo o‘z yechimini topmabdi.
Xulosa qilib aytganda, to‘ylarimizda bunday ortiqcha va maqbul bo‘lmayotgan, hattoki, ba’zi oilalarni qiynab qo‘yayotgan tadbirlar talaygina. Eng yomoni, shu jihatlarga befarq yoki loqayd qarab turgan yoshi ulug‘ momolarimiz ham go‘yoki, “og‘izlariga talqon solib olishgan...” Kelinglar mehmondo‘st, qo‘li gul, farosatli ayollarimiz: isloh qilishni avvalo o‘zimizdan boshlaylik. Yoshlarga o‘rnak bo‘lish, o‘rgatish va yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turish hammamizning vazifamizku, azizalar!
Ra’no O‘razova, “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi dotsenti, PhD.
