Ohangaronda bolalarni bog‘chaga qamrab olish darajasi qanday?
2025-11-28 14:25:00 / Yangiliklar

Yurtimiz kelajagi bo‘lgan yosh avlodni har tomonlama yetuk, barkamol bo‘lib voyaga yetishi, sifatli ta’lim va tarbiya olishiga bog‘liq. Shu bois so‘nggi yillarda mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini isloh qilish, bolalarni bog‘chaga qamrab olish darajasini oshirish hamda zamonaviy, xavfsiz va qulay ta’lim muhitini yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tadbirkorlarga katta imkoniyatlar yaratilib, xususiy va oilaviy bog‘chalarni tashkil etish borasida imtiyoz va subsidiyalar berilmoqda. Biroq, mavjud imkoniyatlarga qaramay, ayrim hududlarda qamrov darajasi yetarli darajada emas. Bundan tashqari, kadrlar salohiyati hamda ota-onalarning bog‘cha xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoji bilan bog‘liq masalalar ham muammoligicha turibdi. Xo‘sh, Ohangaronda bolalarni bog‘chaga qamrab olish ko‘rsatgichlari qanday, pedagog kadrlar yetishmovchiligi kuzatilmayaptimi?
Yuqoridagi savollar bilan Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Marhabo Dadamatova bilan suhbatlashdik.
Bugungi kunda Ohangaron tumani va Ohangaron shahrida bolalarning maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrov darajasi necha foizni tashkil etadi?
– Tumanda 2023-2024-yil yakunida qamrov darajasi 78,4 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda 77,2 foiz (7 217 nafar) bo‘lib, ya`ni qamrov darajasi pasaygan. Bunga asosan hududlarning tarqoq joylashuvi sabab bo‘lmoqda.
Shaharda esa aksincha, qamrov darajasi 2023-2024-yil yakunida 104,5 foizni tashkil qilib, 2025-yilga kelib 110,1 foizga (3 093 nafar) yetgan. Bu o‘sishga 50 o‘rinli oilaviy nodavlat MTT ochilgani va 11-sonli MTTning bitta guruhi ta’mirdan chiqarilib ish boshlagani ta’sir ko‘rsatdi.
Tuman va shahar o‘rtasida bolalarni bog‘chaga qamrab olishda farq bormi?
– Ha albatta, sezilarli farq mavjud. Shaharda har bir mahallada maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritadi, ta’lim sifati yuqori. Shuningdek, tumanning ko‘plab aholisi shahar korxonalarida ishlaydi va farzandlarini shahardagi bog‘chalarga olib kelish ular uchun qulay. Shu sababli shahar qamrovi juda yuqori.
Aholi sonining o‘sishi yoki migratsiya jarayonlari qamrov darajasiga ta’sir qilayaptimi?
– Tumanda 23 nafar (3-7 yoshli) bolalar ota-onalari bilan migratsiyada. Migratsiya jarayoni esa albatta qamrov darajasiga o‘z ta`sirini o‘tkazadi. Shaharda esa migratsiya darajasi past bo‘lgani sababli qamrovga deyarli ta’siri yo‘q.
So‘nggi yillarda Ohangaron tumani hamda shahrida nechta yangi bog‘cha qurildi yoki rekonstruksiya qilindi? Xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari qamrovga qanchalik hissa qo‘shmoqda?
– Tumanda “Obod qishloq” dasturi asosida “Alisher” MFYda 120 o‘rinli 36-sonli davlat MTT foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, shaharda esa “Tashabbusli budjet” asosida 4 ta bog‘cha mukammal ta’mirdan chiqarildi. Bundan tashqari, Ohangaron shahrida 2 ta xususiy va 5 ta oilaviy nodavlat MTT faoliyat ko‘rsatmoqda. Qamrovning 2,4 foizi aynan ushbu tashkilotlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ohangaronda bog‘chalarda pedagog kadrlar yetishmovchiligi mavjudmi? Qaysi yo‘nalishlarda ko‘proq seziladi?
– Tumandagi ayrim mahallalardagi bog‘chalarda direktor o‘rinbosarlari, musiqa rahbarlari va jismoniy tarbiya yo‘riqchilari kabi pedagog kadrlar yetishmovchiligi mavjud. Shaharda esa barcha shtatlar to‘liq band, kadrlar ta’minoti yetarli.
Bugungi kunda bolalarni to‘liq bog‘chaga qamrab olishga qanday sabablar to‘sqinlik qilmoqda?
– Tuman hududinig kattaligi, hududlarning tarqoq joylashuvi, bog‘chalar sonining yetarli emasligi sabab 3-7 yoshli 9 352 nafar boladan faqat 7 217 nafari bog‘chaga qamrab olingan, qolgan 22,8 foizi hududlarning tarqoq joylashuvi sabab qamrovsiz qolmoqda. Shaharda esa barcha bolalar to‘liq bog‘chaga qamrab olingan.
Viloyat bo‘yicha Ohangaronning qamrov ko‘rsatkichlari qaysi o‘rinda?
– Tuman o‘rtacha ko‘rsatkichga ega, shahar esa eng yuqori qamrov ko‘rsatkichlaridan birini qayd etgan. Bunga ta’lim sifatiga e’tibor, moddiy-texnik baza yangilanishi va direktorlarning BBIT tizimi orqali muntazam ishlashi sabab bo‘lmoqda.
Tumanimiz va shahrimizda maktabgacha ta’lim tizimida bolalarni bog‘chaga qamrov darajasi bo‘yicha sezilarli farqlar kuzatilmoqda. Tuman hududining tarqoqligi, ayrim yo‘nalishlarda kadrlar yetishmovchiligi va migratsiya omillari qamrovning pasayishiga sabab bo‘lmoqda. Shunga qaramay, yangi bog‘cha qurilishi, mavjud muassasalarni rekonstruksiya qilish va malakali pedagoglarni jalb etish bo‘yicha chora-tadbirlar davom etmoqda.
Autsorsing tizimining joriy etilishi sog‘lom ovqatlantirish, shaffoflik va samaradorlikni oshirishga xizmat qilmoqda. Umuman olganda, Ohangaron tumani va shahrida maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha boshlangan ishlar izchillik bilan davom ettirilsa, kelgusi yillarda qamrov darajasi yanada oshishi kuzatiladi.
Sevara TURG‘UNOVA, "Ohangaron hayoti" muxbiri.
