"Mehnat yarmarkasi" tashkil etildi
2025-11-28 14:05:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumanida aholi bandligini oshirish, ishsiz fuqarolarga munosib ish o‘rinlari taklif etish hamda probatsiya hisobida turgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida, navbatdagi amaliy tadbir o‘tkazildi. Tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish markazi tashabbusi bilan Alisher mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “Sof Mega Textil” MCHJda “Mehnat yarmarkasi” tashkil etildi.
Tadbirda ish izlayotgan fuqarolar, shu jumladan IIB probatsiya hisobida turuvchi shaxslar ham ishtirok etdi. Yarmarka davomida korxona va bandlik xizmati xodimlari tomonidan mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, ish sharoitlari va talab etiladigan malaka haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Shuningdek, ishsiz yoshlar va fuqarolarga tuman Kasbiy ko‘nikmalar markazida bandlik bo‘limi orqali bepul vaucher asosida turli yo‘nalishlar bo‘yicha kasb-hunarga o‘qish imkoniyatlari haqida tushuntirish ishlari amalga oshirildi.
Mehnat yarmarkasida jami 35 nafar fuqaro ishtirok etdi. Ulardan 2 nafari – probatsiya hisobida turuvchi shaxslar. 11 nafar fuqaro ishga joylashish istagini bildirgan bo‘lsa, 10 nafari kasb-hunarga o‘qish xohishini bildirdi.





