Hujjat soxtalashtirilgan
2025-11-07 14:00:00 / Rasmiy munosabat

Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi "MANIFEST" nomli kanalda Ohangaron tumani hokimi tomonidan imzolangan, fuqaro Yelizaveta Romanchakning qaysi manzilda ro‘yxatda turganligi haqida berilgan ma’lumotnomaning ruscha varianti e’lon qilinib, Ohangaron tumani hokimini "Gubernator okruga", deb tarjima qilinganligi tanqid ostiga olingan.
Tuman hokimligi shuni ma’lum qiladiki, ushbu ma’lumotnoma yuqorida nomi ta’kidlangan fuqaroga ruscha emas, balki o‘zbek tilida taqdim etilgan (suratda).
Qolaversa, ushbu ruscha variantdagi ma’lumotnoma "yasalgan" bo‘lib, buni e’tibor berib qaragan va tahlil qilgan odam darrov payqaydi.
Birinchidan, hokimlik xati blankasining yuqori qismidagi (gerbning ostida) "HOKIMI" so‘zi originalligicha qolgan (ya’ni, o‘zbek tilidagi varianti).
Ikkinchidan, soxtalashtirilgan ruscha ma’lumotnomadagi hujjatning qayd etilgan raqami (sanasi bilan), hokim imzosi originalidan umuman farq qilmaydi (ya’ni, originalidan ko‘chirib olingan).
Uchinchidan, ushbu ma’lumotnoma inson omili bilan emas, balki maxsus dastur (ilova) yordamida rus tiliga o‘girilgan, deb hisoblaymiz. Chunki qayd raqamidan keyin yozilgan "son" (raqam) so‘zi "kones", deb tarjima qilingan. "Son" so‘zi ruschaga so‘zma-so‘z o‘girilganda, "chislo" deb o‘girilishi kerak edi. Yuqoridagi holatda esa "son" so‘zi xuddi turk tilidagi "son", ya’ni "yakun", "oxirgi" so‘zining to‘g‘ridan to‘g‘ri tarjimasi sifatida "kones", deb o‘girilgan.
To‘rtinchidan, rus tilidagi ma’lumotnomada ko‘plab grammatik, imloviy va uslubiy, shuningdek, tarjima xatolari mavjud.
Beshinchidan, ushbu hujjat ijrochisi (hujjatning eng pastki chap tomonida mayda shriftlarda ) haqidagi ma’lumot tarjima qilinmasdan, original holatidagisi turibdi. Bu esa xatning ma’lum qismlari alohida olingan holda yasalganligini ko‘rsatadi.
Shuni ta’kidlash joizki, Ohangaron tuman hokimligida ish yurituvi yuz foiz davlat tilida yuritiladi (xorijiy hamkorlar bilan yozishmalar bundan mustasno).
Tuman hokimligi tomonidan fuqaro Yelizaveta Romanchakka ham rus tilida ma’lumotnoma berilmagan va tuman hokimi Doniyor Madirimov bunday hujjatga imzo chekmagan. Qolaversa, Ohangaron tumani hokimini xorijiy tillardan ingliz, rus tillarini mukammal bilishini hisobga oladigan bo‘lsak, xatoliklarga to‘la bunday hujjatga imzo chekishi mumkin emas.
Yuqorida keltirilgan dalillar va bildirilgan fikrlardan ko‘rinib turibdiki, ruscha ma’lumotnoma soxta va kimlardir tomonidan tuman hokimini obro‘sizlantirish maqsadida yasalgan.
Ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilaridan bunday xabarlarga ko‘r-ko‘rona ishonmasliklarini, har qanday axborotni e’tibor bilan, qayta o‘rganib qabul qilishlarini so‘rab qolamiz.

