Nurotada qorako‘lchilikda yangi bosqich: sun’iy qochirish bo‘yicha amaliy seminar o‘tkazildi
2025-10-07 14:10:00 / Matbuot anjumanlari

Tadbirda Nurota tumani hokimi A. Fayziyev, Navoiy viloyat hududiy yaylov xo‘jaliklari boshqarmasi boshlig‘i U. Xalilov, Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti direktori E. Shaptakov, shuningdek, viloyatda faoliyat yuritayotgan naslchilik yo‘nalishidagi MCHJ va fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda mutaxassislari ishtirok etdilar.
Seminar davomida professor hamda mutasaddilar tomonidan qorako‘l naslchilik ishlarini yanada rivojlantirish, zotdor mollar sonini ko‘paytirish va sun’iy qochirish usullarini amaliyotga keng joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Mutaxassislar tomonidan sun’iy qochirishning afzalliklari, uni amalga oshirishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, nasldor qo‘y va qochqorlarni tanlashda ilmiy yondashuvning ahamiyati haqida ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga, yaylovlardan to‘g‘ri va samarali foydalanish, hosildorligi past yaylovlarni aniqlab, yangi urug‘lar ekish orqali ularning mahsuldorligini oshirish zarurligi qayd etildi.
Seminarda chorva mollarining naslchilik va seleksiya ishlarini takomillashtirish, chet davlatlardan olib kelinayotgan zotdor mollarni mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ham muhokama etildi.
Yig‘ilish yakunida soha mutaxassislariga ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga tatbiq etish, chorvachilikda samaradorlikni oshirish hamda “Qorako‘l” zotini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.








