OAV vakillari Sentobda: turizmning yuksalayotgan nuqtasiga sayohat
2025-09-24 19:25:00 / Yangiliklar

Press-tur davomida Sentob qishlog‘ining tabiiy go‘zalligi, milliy an’analarga boy hayoti, ekologik imkoniyatlari hamda mahalliy aholining turmush sharoiti seratga olindi. Ishtirokchilar press-tur davomida qishloqning ekoturizm salohiyati, mahalliy hunarmandchilik namunalari va milliy taomlar bilan yaqindan tanishishdi.
Sentob qishlog‘i — Nurota tizmasining bag‘rida, toza havo va tabiiy manzaralari bilan ajralib turadi. Bu yerda qadimiy qo‘rg‘onlar, tog‘li manzaralar, tabiiy buloqlar hamda an’anaviy qishloq xo‘jaligi hayoti o‘zining sof tabiiyligi bilan sayyohlarni o‘ziga tortadi. Yaqinda barpo etilgan sayyohlik infratuzilmasi, mehmon uylari tashrif buyuruvchilarga qulay sharoit yaratadi.
Press-tur davomida yig‘ilgan foto va videomateriallar, blogerlarning jonli efirlari hamda maqolalari orqali Sentob qishlog‘i haqida xabarlar xalqaro va mahalliy OAV, shuningdek, millionlab obunachilarga ega ijtimoiy tarmoq sahifalarida keng yoritilishi rejalashtirilgan. Bu esa O‘zbekistonning yangi sayyohlik maskanlarini yanada kengroq auditoriyaga tanitishga xizmat qiladi.
Turizm qo‘mitasi vakillarining ta’kidlashicha, mazkur press-tur — Navoiy viloyati va umuman O‘zbekistonning ekologik va madaniy turizm salohiyatini targ‘ib etish yo‘lidagi muhim qadamdir. Kelgusi yillarda Sentob qishlog‘i nafaqat ichki, balki xalqaro sayyohlar uchun ham mashhur manzilga aylanishi kutilmoqda.
Ushbu tashabbus O‘zbekistonning tabiiy boyliklari va tarixiy merosini keng miqyosda namoyish etish, shuningdek, mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, hudud iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Sentob qishlog‘ida o‘tkazilgan press-tur nafaqat Navoiy viloyati, balki butun mamlakatning turizm salohiyatini oshirishda muhim bosqich bo‘ldi. Xorijiy OAV va yirik blogerlar ishtirokidagi keng targ‘ibot O‘zbekistonning ekoturizm yo‘nalishidagi imkoniyatlarini dunyoga yanada kengroq tanitadi.




