“Raqamli sud” – aholi uchun yangi imkoniyatlar!
2025-09-03 15:30:00 / Majlislar

Nurota tumanida mahalla raislari ishtirokida sud tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Navoiy viloyat sudi sudyasi I. Turdiyev, Navbahor tumanlararo iqtisodiy sudi raisi B. Jumayev, fuqarolik ishlari bo‘yicha Navbahor tumanlararo sudi raisi A. Hamrayev, sudya A. Bahromov, Nurota tumani hokimi o‘rinbosari Sh. Vafoyev hamda mahalla raislari ishtirok etdilar.
Tadbirda Navbahor tumanlararo iqtisodiy sudi raisi B. Jumayev so‘zga chiqib, Prezident farmoni bilan sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish va “Raqamli sud” konsepsiyasini bosqichma-bosqich amalga oshirish belgilanganini ta’kidladi.
Yig‘ilish davomida mahalla raislari ham so‘zga chiqib, ushbu islohotlar aholining sudlarga murojaat qilish imkoniyatlarini yanada kengaytirayotgani, qonuniy huquq va manfaatlarni himoya qilishda qulaylik yaratishi hamda sud tizimida ishonchni oshirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Shu bilan birga, yig‘ilishda “Raqamli sud” konsepsiyasini amaliyotga to‘liq joriy etish aholining hayotida yangi bosqichni boshlab berishi, sud tizimini zamon talablariga moslashtirishi qayd etildi.
Nurota tumani hokimligi va sud organlari tomonidan islohotlarning samarali amalga oshirilishi yuzasidan tizimli choralar ko‘rilishi belgilandi.




