MUSTAQILLIGIMIZNING 34 YILLIGI BAYRAMI TABRIGI
2025-08-31 09:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, aziz tumandoshlar,
Qadrli mehmonlar!
Butun yurtimiz bo‘ylab quvonch va shukronalik hissi tantana qilayotgan shu lahzalarda Siz azizlarni, Sizning timsolingizda barcha tumanimiz ahlini va mehmonlarini Vatanimiz Mustaqilligining 34 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman!
O‘tgan davr jonajon O‘zbekistonimiz uchun istiqlolning sinovli va sharafli yo‘li bo‘ldi.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizning butun dunyoga ochilishi uchun keng sharoitlarni yaratdi. O‘z navbatida, jahon hamjamiyati ham O‘zbekistonga ochiq chehra bilan yuzlandi.
Ayni shu farahbaxsh kunlarda bir haqiqatni katta g‘urur va iftixor bilan aytish joizki, mard va matonatli tumanimiz ahli azaldan qanchalik sinovli kunlarga duch kelmasin, o‘zining mustahkam irodasini namoyon etib kelgan.
Eng muhimi, shu qisqa davr ichida odamlarimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi va kayfiyati tubdan o‘zgarib, ularning yon-atrofimizda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga daxldorlik hissi ortdi, ertangi kunga munosabati va ishonchi tobora mustahkamlanmoqda.
Vatanimiz Mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan shior asosida nishonlanmoqda.
Istiqlolning so‘nggi besh yilida erishilgan yutuqlar va qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlarni sarhisob etar ekanmiz, mazkur davr mobaynida tumanimiz iqtisodiyoti qariyb 1,7 barobarga, aholi daromadlari jon boshiga esa o‘rtacha 1,5 barobar o‘sdi.
Tumanda bugungi kunga kelib tadbirkorlik subyektlari soni 2095 taga yetdi. Bu ko‘rsatkich 2020 yilga nisbatan qariyib 2 barobarga ko‘p demakdir.
Boshqacha aytganda, mavjud tadbirkorlik subyektlarining qariyb 40 foizi oxirgi 5 yilda tashkil etilganligining guvohi bo‘lishimiz mumkin.
Mamlakatimiz Prezidentining yaqinda tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida belgilagan vazifalari hamda soha ravnaqi yo‘lida taqdim etgan yengillik va qulayliklari tumanimizda ham tadbirkorlik rivoji yo‘lida yangi imkoniyatlar eshigini yanada kengroq ochdi.
Qulay va jozibador investitsiyaviy muhit, eksportyor korxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining joriy etilishi mahsulotlar eksporti hajmlarining oshishiga, nomenklaturasi va geografiyasi kengayishiga xizmat qilmoqda.
2020 yilga solishtirganda, eksport hajmi 2,5 baravarga, jalb qilinayotgan xorijiy investitsiyalar hajmi esa qariyib 14 baravarga o‘sib, 100 mln dollarga yetkazilishiga erishildi. Natijada 18 ta xorijiy investitsiyalar asosidagi qo‘shma korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Kuni kecha davlatimiz rahbarining Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishlarida ham tom ma’noda Nurota tumanini kelgusi yillarda iqtisodiy-ijtimoiy, ma’daniy-ma’rifiy sohalari rivojlantirishda kechiktirib bo‘lmaydigan ustivor vazifalar, chora-tadbirlar belgilab berildi.
Qadrli tumandoshlar!
Istiqlolning ilk kunlaridan e’tiboran mamlakatimizda olib borilgan keng qamrovli islohotlar tufayli barcha hududlarda bo‘lgani kabi Nurota tumani ham har tomonlama rivojlanmoqda, ayniqsa so‘ngi yillarda tumanning me’moriy qiyofasi tubdan o‘zgarib, ko‘rkiga ko‘rk qo‘shilmoqda, yangi ijtimoiy-madaniy obyektlar, jahon andozalariga mos keladigan mexmonxonalar, bir-biridan shinam namunaviy loyihalar asosidagi uy-joylar barpo etilmoqda.
Xususan, so‘ngi 5 yillik davri mobaynida ijtimoiy sohani rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar samarasi o‘laroq 10 ta umumta’lim maktabi, 8 ta maktabgacha ta’lim muassasalari hamda 5 ta tibbiyot muassasalari, shu jumladan, 29 ta madaniyat, sport va boshqa ijtimoiy obyektlar yangidan qurildi.
Muxtasar qilib aytganda, Yangi O‘zbekiston davrida 40 ta umumta’lim maktabi, 15 ta maktabgacha ta’lim muassasalari hamda 11 ta tibbiyot muassasalarida, mukammal va joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, zamon talablari asosida jihozlandi.
Tumanda 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2016 yilda 21 foizni tashkil etgan bo‘lsa, maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish borasida tumanda amalga oshirilayotgan ishlar samarasi o‘laroq o‘tgan davr mobaynida 79 ta yangi davlat, davlat xususiy sherikchiligi hamda uy bog‘chalarini tashkil etilishi natijasida qamrov darajasi bugungi kunda 61,0 foizga yetkazilishiga erishildi.
Joriy yilda sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida umumiy qiymati 636,0 mlrd.so‘mlik 31 ta loyihalar amalga oshirilib, 544 ta ish o‘rinlari yaratilishi belgilab olingan.
Shu jumladan, tumanimizning boy noruda va ruda xomashyo zaxiralaridan samarali foydalangan holda “Suvliq” mahallasida yangi granit konlari o‘zlashtirib ishsiz aholi doimiy ish bilan ta’minlanmoqda.
Jumladan,
Tumanning Nurfaxr mahallasida 2025-2027 yillarda umumiy qiymati 100 mln. dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirish evaziga granit toshlarini qayta ishlash loyihasi qurilish ishlari boshlab yuborildi. Mazkur loyiha ishga tushirilganda 200 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan.
Bundan tashqari, tumanimizda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari Yevropa bozorlariga kirib bordi. Xususan, “Premiyer tekstil” XK tomonidan ishlab chiqarilayotgan tayyor trikotaj mahsulotlari Rossiya, Slovakiya davlatlariga eksport qilish yo‘lga qo‘yildi.
Iqtisodiyotimizning yetakchi tarmog‘iga aylanib borayotgan Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi tomorqasidan samarali foydalanish bo‘yicha 2020-2025 yillarda umumiy qiymati 151,1 mlrd. so‘m tijorat banklari kreditlari hisobidan 5852 ta xonadonlarda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yilishi hisobiga 2 433 nafar xotin-qizlar, 499 nafar yoshlar hamda kam ta’minlanganlarning bandligi ta’minlanishiga erishildi.
Aziz tumandoshlar,
O‘tgan davr mobaynida ko‘hna va uzoq tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan Nurota tumanida erishilgan yuksak marralar haqida uzoq gapirishimiz mumkin.
Bugun biz qo‘lga kiritayotgan bu yuksak marralarning ildizi, zamini nimada, degan savolga xar birimiz xech ikkilanmasdan, bularni barchasining zamirida avvalo mustaqillik deb atalgan bebaxo ne’mat, xalqimizning fidokorona mexnati, uning tobora yuksalib borayotgan ongu tafakkuri, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi, ezgu orzu-intilishlari mujassam, deb katta g‘urur va iftixor bilan aytishimiz tabiiydir.
Bunday sharoitda faqat erishgan yutuqlari bilan cheklanib qolmasdan, jadal o‘zgarib borayotgan davr bilan hamnafas bo‘lib qadam tashlash har birimizdan fidokorona mehnat va barcha yangilanishlarga daxldorlik tuyg‘ularini talab etadi.
Bugun, safimizda shunday insonlar sonining yildan-yilga ortib borayotganligi, ushbu qutluq bayram arafasida 2 nafar hunarmand-kashtachilarimiz Xamidova Zarina hamda Mamarajabova Bahoralar Prezidentimining Farmonlariga muvofiq “Shuhrat” medallari bilan taqdirlanganligida o‘z ifodasini topdi.
Qadrli tumandoshlar,
Aziz mehmonlar!
Olloxning nazari tushgan, O‘zbekiston deb atalmish go‘zal va betakror o‘lkada tug‘ilish, uning bag‘rida kamol topish xar kimga xam nasib etmaydi.
Ana shu xaqiqat aziz yoshlarimizni qalbidan, yuragidan chuqur joy olishini, Vatan sevgisi, Vatanga sadoqat tuyg‘usi ularga umurbod yor bo‘lishini istardim
Fursatdan foydalanib, Sizlarni va butun tumanimiz ahlini eng ulug‘, eng aziz bayramimiz, qutlug‘ ayyom – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligi bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.
Sizlarga mustahkam sog‘lik, baxtu saodat, Vatanimiz ravnaqi va xalq farovonligini oshirish yo‘lidagi mas’uliyatli va sharafli faoliyatlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Mustaqillik nashidasi har bir inson qalbini nurlarga to‘ldirsin. Mamlakatimiz taraqqiyotning oydin yo‘lidan yuksaklik sari dadil odimlayversin.
Xalqimiz omon, Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
