“Kashtalar jilosi“ kashtachilik va milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazma-festivali o‘tkazildi.
2025-06-14 21:05:00 / Yangiliklar
Nurota tumani “Chashma” tarixiy-me’moriy majmuasida o‘tkazilgan festivalda tuman hokimi A. Fayziyev, Navoiy viloyati hokimining o‘rinbosari M. Mamadiyarova, hunarmandlar (kasanachilar, san’at ustalari, dizaynerlar), hunarmandchilik yo‘nalishidagi oilaviy tadbirkorlar va kasanachilar, “Oqila ayollar” harakati a’zolari, faol xotin-qizlar, mahalliy aholi vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida “Qadriyatlarni qadrlaymiz!”, “Yangi O‘zbekistonda qadriyatlar ulug‘!” shiorlari asosida milliy libos va milliy taqinchoqlar bilan ko‘rgazmali chiqishlar (podiumlar) tashkil etildi.
Shuningdek, “Eng yaxshi kashta”, “Eng yaxshi kashtado‘z”, “Kashtado‘zlik bo‘yicha qadimiy sulola davomchisi”, “Qadimiy an’analarni qayta tiklagan kashtado‘z”, “Eng kreativ kashtado‘z”, “Eng yosh shogird” kabi nominatsiyalar bo‘yicha bir guruh soha vakillari taqdirlandi.
Festival davomida tuman madaniyat markazining milliy ruhdagi chiqishlari, shuningdek, Navoiy viloyati filarmoniyasi xonandalari ijrosidagi qo‘shiqlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.





