Xotira va qadrlash kuni
2025-05-08 17:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, hurmatli tumandoshlar!
Bugun — tariximizdagi ulug‘ va shonli sana — 9 may, Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan siz, aziz yurtdoshlarimizni, ayniqsa mo‘tabar faxriylarimizni chin yurakdan muborakbod etaman.
1941–1945-yillardagi urushda jasorat va fidoyilik namunalarini ko‘rsatgan minglab yurtdoshlarimizning nomlari biz uchun abadiy qadrlidir. Ularning har biri o‘z hayoti va qahramonligi bilan yurtimiz tinchligi, bugungi osoyishta hayotimiz poydevorini yaratgan. Bugun biz ular oldida bosh egamiz, jonbozliklari bilan faxrlanamiz, hayot bo‘lganlarini e’zozlab, mehr va hurmat ko‘rsatamiz.
Vatan ozodligi va xalqimizning yorug‘ kelajagi uchun jonini fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasi — qalbimizda mangu yashaydi. Ularning sharofati bilan erishilgan osoyishta va farovon hayotimiz uchun hamisha shukrona bildiramiz.
Aziz tumandoshlar!
Sizlarni ushbu sana bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sog‘lik-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga tinchlik va fayzu baraka tilab qolaman.
Yurtimiz tinch, osmonimiz doimo musaffo bo‘lsin! Xotira va qadrlash kuni barchamizga muborak bo‘lsin!
