NAVRO‘Z BAYRAMI TABRIGI
2025-03-21 09:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Qadrli tumandoshlar, aziz shahrimiz mehmonlari!
Mana, barchamizga quvonch va shijoat bag‘ishlab, qalblarimizni ezgu niyat va orzularga to‘ldirib yurtimizga Navro‘zi olam kirib keldi. Ushbu qadimiy bayramning ruhi va falsafasida mujassam bo‘lgan borliqni asrab-avaylash, tabiat bilan uyg‘un bo‘lib yashash, mehr-oqibat, xayru saxovat, bunyodkorlik, bag‘rikenglik, do‘stlik va hamjihatlik singari yuksak g‘oyalar bugungi kunda yanada teran mazmun va ahamiyat kasb etib bormoqda.
Ana shu murodbaxsh onlarda tumanimizning barcha mehnatkash va bag‘rikeng xalqini va shahrimiz mehmonlarini yangilanish va yasharish ayyomi, yaratuvchanlik va go‘zallik ramzi, sharqona yangi yilimiz – Navro‘zi olam bilan chin qalbimdan qutlayman!
Millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir vatandoshimiz o‘zining huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini tobora chuqur anglab borayotgan Yangi O‘zbekiston sharoitida Navro‘z tom ma’noda umumxalq bayramiga aylanib, ayni kunlarda tumanimizning qishloqlarida, mahalla va ovullarida “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!" degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari ko‘tarinki kayfiyatda nishonlanmoqda.
Yurtimizda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida erkin va farovon hayot barpo etish, inson qadrini ulug‘lashdek buyuk maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar jarayonida barcha milliy qadriyatlarimiz qatori Navro‘z umumxalq bayrami ham o‘ziga xos ma’naviy tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bayram kunlarida tumanimizdagi mehnat faxriylari, keksa avlod vakillarini har tomonlama e’zozlash, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Mehr daftari”ga kiritilgan hamda ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga beg‘araz yordam ko‘rsatish kabi xayriya tadbirlari ommaviy harakatga aylanib borayotgani quvonarlidir.
Ayniqsa bu yilgi Navro‘z bayramimiz musurmon olamining eng fazilatli oyi sanalgan “Mohi Ramazon” oyiga to‘g‘ri kelganligida ham chuqur ma’no bor. Sababi ushbu qutlug‘ oyda saxovatli kishilarni yon atrofdagilariga mehri o‘zgacha bo‘ladi, bemorlar holidan xabar olinadi, xalqimiz yurtga tinchlik, farovonlik tilab qo‘llari duoda bo‘lishadi.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari.
Sizlarni e’tiboringizni yana bir muhim jihatga qaratmoqchiman. Joriy yilning 16-18 mart kunlari bo‘lib o‘tgan umumxalq xasharlarida barcha hududlarda bo‘lgani singari tumanimizda ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Qabristonlar tozalandi, xonadon va ko‘chalarimizda obodonlashtirish ishlari olib borildi. Daraxtlarga shakl berilib oqlandi, yaxshi niyatlar bilan yerga ko‘chatlar qadaldi. Albatta bu ezgu ishlarning barchasi Navro‘z ayyomi bilan hamohangdir.
Zotan, Navro‘z ko‘ngillarimizga eng pokiza tuyg‘ular, orzu-umidlar joylab, ulkan yutuq va marralar sari shijoatga chorlaydi. Ushbu qutlug‘ ayyom kunlarida ertangi kunga bo‘lgan ishonchimiz yanada mustahkamlanadi, barcha boshlagan va rejalashtirgan ishlarimizni halol, sifatli hamda o‘z muddatida bajarishga bo‘lgan mas’uliyatimiz yanada oshadi.
Istardimki, ana shu ishonch va mas’uliyat barchamizga hamisha kuch va g‘ayrat bag‘ishlab tursin!
Qadrli Nurotaliklar hamda shahrimiz mehmonlari!
Barchangizni yana bir bor uyg‘onish, yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi - Navro‘z bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman!
Ushbu yangi kun jonajon yurtimizga to‘kin-sochinlik, har bir xonadonga qut-baraka olib kelsin!
Ezgu niyat va amallar, mehr-oqibat, mehnatsevarlik va shijoat qalblarimizni hech qachon tark etmasin!
Navro‘zi olam muborak bo‘lsin!
