8-MART – XALQARO XOTIN-QIZLAR KUNI
2025-03-08 11:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, Aziz ayollar!
Muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillar!
Avvalo, sizlarni, sizlarning timsolingizda barcha onaxonlarimiz, opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizni ezgulik va go‘zallik bayrami 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan tumanimiz faollari, keng jamoatchilik nomidan samimiy muborakbod etaman!
Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir.
Aziz va muhtarama opa-singillar!
Vatanimiz taraqqiyotida, oila va jamiyat hayotida xotin-qizlar muhim o‘rin va mavqega ega. Shu bois, ayollarimiz mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi barcha sohalarda xususan, davlat boshqaruvi va vakillik organlarida, ishlab chiqarish, tadbirkorlik, fermerlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ma’rifat, madaniyat va boshqa sohalarda samarali mehnat qilishmoqda.
Bugungi kunda tumanimizda turli jabhalarda mehnat qilayotgan xotin-qizlarimiz 2024 yilning o‘zida qariyb 21 nafari o‘zining tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, ular tomonidan 50 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. 79 nafar ayollar kasb-hunarga qayta tayyorlanib, 124 nafarining bandligi ta’minlandi.
Joriy yilda Mahallalarda «Mahallada ijtimoiy xizmat moduli» asosida xotin-qizlar faollari tomonidan qisqa muddat ichida 240 taga yaqin oilalarning ijtimoiy xizmatlar bilan bog‘liq muammolari aniqlanib, bugungi kunda muammolar o‘z yechimini topmoqda. Bundan tashqari, 2024 yilda «Ayollar daftari»ning 5- bosqichi doirasida 425 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi. 5 nafar xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlashlari uchun kreditlar ajratilishi rejalashtirilgan, shuningdek, ayollar daftariga kiritilgan 2178 nafar ayollarimizga moddiy yordamlar ajratish, 92 nafar uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlarning muammolari hal etilib, ularga bir davomida har biriga 500 ming so‘mdan uy-joy ijara kompensasiyasi to‘lab berilishi ko‘zda tutilgan.
Qadrli opa-singillar!
Yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, oila mustahkamligini ta’minlash davlat siyosati darajasida ekanligi bilan har qancha faxrlansak arziydi.
Biz bugun o‘zining fidokorona mehnati, erishgan ulkan yutuqlari, davlat va jamoat ishlaridagi faol ishtiroki, ibratli fazilatlari bilan xalqimiz o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan yuzlab opa-singillarimizning nomlarini hurmat bilan tilga olamiz.
Tumanimizda ham bu kabi faoliyat olib borayotgan bir guruh ayollarimiz mehnatlari alohida etirof etilib kelinmoqda. Jumladan, kuni kecha tumanimizdagi hunarmand, tadbirkor Saodat Fayziyevaning «Mo‘tabar ayol» ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganligi, qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida"gi Farmoniga asosan, Nurota tumanidagi «Nurota naslchilik mas’uliyati cheklangan jamiyat» bosh cho‘poni To‘ychiyeva Shohista Xolboyevna «Shuhrat» medali bilan taqdirlangani, eng quvonarlisi tumandagi «Qosimqaji-Meruyert» mas’uliyati cheklangan jamiyat direktori Omonboyeva Meruyert Erkin qizining «Zulfiya» nomidagi Davlat mukofoti bilan takdirlanganligi fikrimiz isbotidir.
Hurmatli onaxonlar, opa-singillar!
So‘zimning oxirida barchangizni Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Mening tilagim va niyatim bitta; oilangiz, farzandlaringiz, el-yurtimiz baxtiga hamisha sog‘-omon bo‘linglar!
Barchangizga oilaviy xotirjamlik, xonadonlaringizga tinchlik, fayzu-baraka tilayman. Doimo xalqimiz, Vatanimizning yuksak mehri va ardog‘ida bo‘lish hammangizga nasib etsin!
Yana bir bor bayramingiz muborak bo‘lsin.
