“SEN ISTE’DODLISAN” TANLOVINING TUMAN BOSQICHI O‘TKAZILDI
2026-10-15 15:35:00 / Yangiliklar

Payshanba — Yoshlar kuni munosabati bilan Nurota tumanida “Men ham shu Vatanning bunyodkoriman” shiori ostida “Sen iste’dodlisan” respublika xayriya tanlovining tuman bosqichi o‘tkazildi.
Tadbirda Nurota tumani hokimi Azamat Fayziyev ishtirok etib, yoshlarning iste’dod va qobiliyatlarini yuzaga chiqarish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda barcha bolalar uchun teng imkoniyatlar yaratish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Tanlovda umumta’lim maktablarining 3–9-sinflarida tahsil olayotgan inklyuziv ta’lim sinflari o‘quvchilari, uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan bolalar hamda ularning sog‘lom tengdoshlari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar tasviriy san’at va estrada-vokal (an’anaviy ijrochilik) yo‘nalishlarida o‘z iste’dod va mahoratlarini namoyish etdilar.
Tanlovning asosiy maqsadi — alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish va iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishdan iborat.






