NUROTA TARIXI VA MA’NAVIYATI AKS ETGAN YANGI ASAR TAQDIMOTI O‘TKAZILDI
2026-10-08 14:10:00 / Yangiliklar

Nurota tumani Madaniyat markazi binosida taniqli yozuvchi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Suyundik Mustafo Nurotoiyning “Nurotaning nurli farzandi” nomli yangi kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Nurota tumani hokimi Azamat Fayziyev, hokimlik mas’ullari, korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlari, ta’lim sohasi vakillari, nuroniylar, shuningdek, yozuvchining yaqin qarindoshlari, yoshlikdagi do‘stlari ishtirok etdi.
Taqdimot davomida yangi asarning mazmun-mohiyati, muallifning ko‘p yillik ijodiy faoliyati, Nurotaning tarixi, ma’naviy-madaniy merosi va hududdan yetishib chiqqan fidoyi insonlar hayotini o‘rganishdagi ahamiyati haqida fikrlar bildirildi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari kitob muallifi Suyundik Mustafo Nurotoiy bilan onlayn tarzda bog‘lanib, uning ijodiy faoliyati, yangi asarning yaratilish tarixi va kitobda Nurota tarixi hamda uning munosib farzandlari hayoti yoritilgani haqida suhbatlashdilar.
So‘zga chiqqanlar tomonidan “Nurotaning nurli farzandi” kitobi yosh avlodni milliy qadriyatlar va tarixiy xotiraga hurmat ruhida tarbiyalash, Nurotaning boy ma’naviy merosi hamda hududdan yetishib chiqqan fidoyi insonlar hayotini keng targ‘ib etishda muhim manba bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.







