KORRUPSIYA — TARAQQIYOT YO‘LIDAGI G‘OV
2026-09-22 10:15:00 / Yangiliklar

Korrupsiya — jamiyat taraqqiyotiga to‘sqinlik qiladigan, qonun ustuvorligi va adolat tamoyillariga putur yetkazadigan, fuqarolarning davlat institutlariga bo‘lgan ishonchini susaytiradigan salbiy illatdir. U iqtisodiy rivojlanish, investitsiyaviy muhit, davlat boshqaruvi samaradorligi va ijtimoiy adolatga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Shu bois korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish O‘zbekistonda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanib, bu borada izchil huquqiy va institutsional islohotlar amalga oshirilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari
O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi muhim huquqiy asoslardan biri 2017-yil 3-yanvarda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunidir. Mazkur qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, vakolatli davlat organlarining vazifalari hamda fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolarning ushbu jarayondagi ishtiroki belgilangan.
Bugungi kunda mazkur yo‘nalishdagi huquqiy baza yangi mexanizmlar bilan izchil takomillashtirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-son “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish davlat siyosatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.
Farmonda 2030-yilgacha bo‘lgan davr uchun davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishning professional va samarali tizimini tashkil etish, korrupsiyaviy omillarni barvaqt aniqlash va preventiv mexanizmlarni joriy etish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanishni kengaytirish hamda davlat organlari faoliyatida ochiqlik siyosatini izchil davom ettirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangan.
Shuningdek, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan yaxlit tizimni shakllantirish maqsadida davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, ilmiy muassasalar, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari hamda fuqarolik jamiyati institutlarining doimiy hamkorligiga asoslangan tizimni joriy etish nazarda tutilgan.
Moliyaviy nazorat va ochiqlik — muhim mexanizmlar
Korrupsiyaning oldini olishda davlat moliyaviy nazoratining samaradorligini oshirish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyuldagi PF-100-son “Budjet mablag‘laridan foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni davlat budjeti mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanishni ta’minlash, davlat moliyaviy nazoratini kuchaytirish, ichki audit tizimini takomillashtirish hamda jamoatchilik ishtiroki va nazoratini kengaytirishga qaratilgan.
Mazkur hujjat bilan davlat moliyaviy nazoratining zamonaviy mexanizmlarini rivojlantirish, budjet mablag‘laridan foydalanish ustidan tashqi va ichki auditni kuchaytirish kabi muhim vazifalar belgilangan.
Bunday mexanizmlar mablag‘larning maqsadli sarflanishini ta’minlash, moliyaviy intizomni mustahkamlash va korrupsiyaviy xavflarning oldini olishga xizmat qiladi.
2026-yil — korrupsiyaga qarshi kurashda yangi bosqich
Davlatimiz rahbari 2025-yil yakunlari va 2026-yil uchun ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratib, 2026-yilda bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha “favqulodda holat” e’lon qilinishini ta’kidladi.
“Korrupsiya — davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa — islohotlarimizga xiyonatdir.”
Shuningdek, barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas’ul o‘rinbosar lavozimini joriy etish, Hisob palatasi vakili faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda davlat mablag‘lari va resurslaridan foydalanishda shaxsiy javobgarlikni kuchaytirish vazifalari belgilangan.
Bu vazifalar keyinchalik qabul qilingan PF-270-son Farmonda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha aniq mexanizmlar bilan yanada rivojlantirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurash — barchaning vazifasi
Korrupsiyaga qarshi kurashish faqat davlat organlari yoki huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning vazifasi emas. Bu jarayonda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik va har bir fuqaroning faol ishtiroki muhim.
Ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, davlat organlari faoliyati ustidan qonuniy va konstruktiv nazoratni rivojlantirish korrupsiyaviy xavflarni kamaytirishning muhim vositalaridan hisoblanadi.
Ayniqsa, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, inson omilini kamaytirish, qarorlar qabul qilish jarayonlarining shaffofligini ta’minlash hamda korrupsiyaviy xavflarni oldindan aniqlash va bartaraf etish bugungi kunning muhim vazifalaridandir.
Zero, korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan ko‘ra, uni keltirib chiqaruvchi omillarni barvaqt aniqlash va oldini olish samaraliroqdir. PF-270-son Farmonda ham aynan preventiv mexanizmlarni kuchaytirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.
Shaffof jamiyat — taraqqiyot garovi
Korrupsiyaga qarshi kurashishning samaradorligi, avvalo, jamiyatda qonun ustuvorligi, halollik, mas’uliyat va murosasizlik muhitini shakllantirishga bog‘liq.
Har bir mansabdor shaxs o‘z vakolatidan qonuniy va vijdonan foydalanishi, har bir fuqaro esa korrupsiyaga oid holatlarga befarq bo‘lmasligi lozim.
Korrupsiyaga qarshi kurashish — nafaqat qonuniy talab, balki jamiyat va davlat taraqqiyotining muhim shartidir.
Halollik, ochiqlik va qonun ustuvorligi qaror topgan jamiyatda islohotlar samarasi yanada yuksaladi.
Shunday ekan, korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning hamjihatligi — shaffof, adolatli va barqaror jamiyat barpo etishning muhim omilidir.
Nurota tumani iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig'i o‘rinbosari Bo‘riyev Dilmurod
