SAYIDATO MAHASALLASIDA “TURIZM KO‘CHASI” TASHKIL ETILADI
2026-09-11 11:35:00 / Yangiliklar

Nurota tumani hokimi Azamat Fayziyev Sayidato mahallasida aholi bilan uchrashib, hududning turizm salohiyatidan samarali foydalanish, xonadonlarda hunarmandchilikni rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda Chashma ziyoratgohiga tashrif buyuruvchi mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun mahalla hududida “Turizm ko‘chasi”ni tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Mazkur ko‘chada xonadonlarni turizm xizmatlariga jalb etish, oilaviy mehmon uylari va hunarmandchilik ustaxonalarini tashkil etish, milliy hunarmandchilik mahsulotlarini sayyohlarga namoyish qilish va sotish uchun sharoit yaratish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, sayyohlar ko‘cha bo‘ylab piyoda sayr qilib, xonadonlardagi hunarmandchilik jarayonlari bilan tanishgan holda Chashma majmuasigacha yetib borishi uchun yaxlit sayyohlik yo‘nalishi shakllantiriladi. Shu tariqa, mahalla ko‘chalari ham sayyohlik marshrutining muhim qismiga aylantiriladi.
Muloqot davomida fuqarolarning taklif va tashabbuslari tinglanib, “Turizm ko‘chasi”ni tashkil etish, xonadonlarda hunarmandchilik va mehmon uylari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, yangi ish o‘rinlari hamda qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar belgilandi.




