Nurota tumanida “Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi!” shiori ostida gala-konsert dasturi bo‘lib o‘tdi
2026-06-27 10:15:00 / Yangiliklar

“Yoshlar oyligi” doirasida Nurota tumanida yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga qaratilgan qator madaniy-ma’rifiy, sport va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur tadbirlarning mantiqiy yakuni sifatida tuman markazidagi “Amfiteatr” majmuasida “Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi!” shiori ostida tantanali gala-konsert dasturi tashkil etildi.
Tadbirda tuman hokimi Azamat Fayziyev ishtirok etib, yoshlarni “Yoshlar oyligi” hamda 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan samimiy tabrikladi. Shuningdek, oylik davomida sport musobaqalari, intellektual tanlovlar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etib, yuqori natijalarga erishgan bir guruh yoshlar munosib taqdirlandilar.
Gala-konsert davomida tumanimizning iste’dodli yoshlari tomonidan kuy-qo‘shiqlar, raqslar, sahna ko‘rinishlari va badiiy chiqishlar namoyish etildi. Bayram dasturida o‘zbek estradasining taniqli xonandasi Mirjalol Ne'matov ham ishtirok etib, o‘zining sevimli taronalari bilan tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Tadbir yakunida tashkil etilgan mushakbozlik tomoshasi bayram shukuhini yanada oshirib, yig‘ilganlarga unutilmas taassurotlar ulashdi.





