Nurota yoshlari uchun zamonaviy fitnes klub foydalanishga topshirildi
2026-06-10 09:35:00 / Yangiliklar

Yoshlarni sportga keng jalb etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida Nurota tumanida yangi “Sherdor fitness GYM” fitnes klubi o‘z faoliyatini boshladi.
Mazkur fitnes klubining ochilish marosimi ko‘tarinki ruhda tashkil etilib, unda tuman hokimining o‘rinbosari Sh.Vafoyev, sportsevar yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar, ularning jismoniy faolligini oshirish, sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun zarur infratuzilmani rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, yangi tashkil etilgan fitnes klubi yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Bugungi kunda yoshlar orasida sog‘lom hayot tarzini targ‘ib qilish, ularni sportga keng jalb etish borasida amalga oshirilayotgan bunday tashabbuslar jamiyat taraqqiyoti va barkamol avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.




