Nurotada “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” yarmarkasi bo‘lib o‘tdi
2026-03-27 14:15:00 / Yangiliklar

Navoiy viloyati, Nurota tumani “Chashma” majmuasida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizm yarmarkasi tashkil etildi.
Tadbirda Nurota tumani hokimi A. Fayziyev, viloyat hokimi oʻrinbosari S. Mirzayev, shuningdek, viloyat va tuman turizm sohasidagi tur operatorlar, soha mutaxassislari hamda mehmonlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida tumani hokimi A. Fayziyev so‘zga chiqib, tumanda turizm sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqbolli yo‘nalishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shundan so‘ng, viloyat hokimi oʻrinbosari S. Mirzayev mehmonlarni qutlab, ichki turizmni rivojlantirishning ahamiyati va kelgusidagi rejalar haqida so‘zladi.
Yarmarka davomida turizm loyihalari taqdimoti, mahalliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi va folklor chiqishlari namoyish etildi.
Shuningdek, G2B va B2B formatidagi biznes uchrashuvlarida turizm sohasidagi hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi va turoperatorlar hamda biznes sub’ektlar o‘rtasida yangi sherikliklar yuzaga keldi.
Qiziqarli jihati shundaki, 2025-yilda Navoiy viloyatida ichki turizm salohiyatlarini faol rivojlantirishda katta hissa qo‘shgan bir guruh soha vakillari viloyat hokimining tashakkurnomasi va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Ushbu yarmarka ichki turizmni rivojlantirish, hududiy salohiyatni keng jamoatchilikka yetkazish hamda mahalliy iqtisodiyotni rag‘batlantirishga katta hissa qo‘shadi.







