RAMAZON HAYITI TABRIGI
2026-03-19 20:20:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, aziz tumandoshlar!
Qadrli musulmon birodarlar!
Sizlarni va Siz orqali barcha oila a’zolaringizni bugungi mehr, oqibat, ezgulik va saxovat ayyomi — islom olamidagi ulug‘ bayram, muborak Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Har bir xonadonda va mahallalarda ko‘tarinkilik bilan nishonlanadigan qutlug‘ Ramazon hayitida hammamiz avvalo shunday kunlarga yetkazgani uchun Alloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz. Yaxshilik, sabr, qanoat va mehr-e’tibor singari ezgu fazilatlarni o‘zida mujassam etgan bu bayramning ma’no-mazmuni hamda xalqimiz hayotida tutgan o‘rni va ahamiyatini barchamiz chuqur his etmoqdamiz.
Hayit kunlari barcha bir-birini qutlaydi, dasturxonlar yoziladi, sovg‘a-salomlar ulashiladi. Yaratganga shukronalar aytib, Istiqlolimiz, tinch va xotirjam hayotimiz hamda kelgusi avlodlarimiz uchun duolar qilinadi. Bu amallarning barchasi savob, mukofoti esa insoniylik sharafi hisoblanadi.
Qadrli tumandoshlar!
Ramazon — birodarlik, ezgulik, xayru saxovat va mehr-oqibat oyi. Uning fayzu tarovatidan bahramand bo‘lib, jamiyatimizda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini mustahkamlash, nuroniylar, ayollar va bolalarga mehr va e’tibor ko‘rsatish, ehtiyojmand insonlarga beg‘araz yordam berish singari savobli ishlar amalga oshiriladi.
Bunday olijanob maqsad va ezgu amallardan maqsad bitta — xalqimizni hayotdan rozi qilishga qaratilgan islohotlarimizning ma’no-mazmuni Ramazonga har tomonlama uyg‘un va hamohang ekanligidir.
Aziz tumandoshlar!
Shu ulug‘ ayyom kunlarida qilgan barcha ibodatlaringiz, tutgan ro‘zalaringiz, amalga oshirgan ezgu amallaringiz Yaratgan dargohida qabul bo‘lishini tilayman. Sizlarga mustahkam sog‘lik, xonadonlaringizga qut-baraka, ishlaringizga omad va zafarlar yor bo‘lsin.
Yana bir bor barchangizni muborak Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan tabriklayman!
Ramazon hayiti barchaga muborak bo‘lsin!
