“VATAN HIMOYACHILARI KUNI” MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI
2026-01-13 21:30:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, hurmatli harbiy xizmatchilar, faxriylar, Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan mard va jasur o‘g‘lonlar!
Sizlarni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34 yilligi hamda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tumanimiz ahli nomidan va shaxsan o‘zimning nomimdan samimiy muborakbod etaman.
Bugungi kunda respublikamiz bo‘ylab keng nishonlanayotgan ushbu sana “Milliy armiya – Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!” - degan ulug‘ va hayotiy shior ostida o‘tkazilayotgani chuqur ramziy ma’noga ega. Zero, milliy armiyamiz — mustaqil davlatimiz suvereniteti, hududiy yaxlitligi, tinchligi va barqaror taraqqiyotining ishonchli kafolatidir.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari qisqa tarixiy davr ichida tom ma’noda zamonaviy, jangovar tayyorgarligi yuqori, milliy manfaatlarimizni qat’iy himoya qila oladigan qudratli armiyaga aylandi. Harbiy sohada olib borilayotgan izchil islohotlar, texnik va moddiy ta’minotning mustahkamlanishi, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi kuchaytirilishi, ularning kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar buning yaqqol isbotidir.
Ayniqsa, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida milliy armiyamizning o‘rni va nufuzi yanada yuksalib bormoqda. Bugun harbiy xizmatchi nafaqat qurol tutgan jangchi, balki yuksak ma’naviyatli, vatanparvar, intellektual salohiyatga ega shaxs sifatida jamiyatda alohida e’tibor va ehtiromga sazovor bo‘lmoqda.
Bugungi tinch va osoyishta hayotimiz, farzandlarimizning kulgusi, xalqimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi — bularning barchasi sizlarning fidokorona va mashaqqatli mehnatingiz samarasidir. Sizlar tunu kun sergaklik bilan xizmat qilib, Vatan sarhadlarini ishonch bilan qo‘riqlab, har qanday tahdid va xatarlarga qarshi tayyor turmoqdasiz.
Milliy armiyamiz safida xizmat qilayotgan mard o‘g‘lonlarimizning jasorati, qat’iyati va sadoqati yosh avlod uchun chinakam ibrat maktabidir. Bugun yoshlarimiz orasida harbiy xizmatni sharafli burch, Vatanga sadoqatning oliy namunasi deb biladiganlar soni ortib borayotgani bizni quvontiradi. Bu esa kelajagimiz ishonchli qo‘llarda ekanidan dalolatdir.
Tumanimizda ham harbiy qism va bo‘linmalar bilan hamkorlikda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni harbiy xizmatga tayyorlash, sport va jismoniy tarbiyani rivojlantirish, harbiy-vatanparvarlik tadbirlarini keng tashkil etish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu sa’y-harakatlar kelgusida yanada kuchaytirilib, armiyamizga munosib va malakali kadrlar yetkazib berishga xizmat qiladi.
Shu o‘rinda harbiy xizmatchilarimizning oilalariga ham alohida minnatdorlik bildirmoqchiman. Sizlarning sabr-toqatingiz, qo‘llab-quvvatlashingiz harbiylarimizning xizmatdagi muvaffaqiyatlarida muhim omil hisoblanadi. Sizlar ham Vatan himoyasiga o‘z hissangizni qo‘shayotgan fidoyi insonlarsiz.
Aziz tumandoshlar!
O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan barcha harbiy xizmatchilarimizga, ofitser va askarlarimizga, zahiradagi harbiylarga, Qurolli Kuchlar faxriylariga va harbiy xizmatga tayyorlanayotgan yoshlarimizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, xizmat faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman. Vatan ravnaqi, xalq tinchligi yo‘lidagi sharafli faoliyatingizda doimo omad va muvaffaqiyatlar yor bo‘lsin!
Vatanimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz Vatan himoyachilari!
