ONA SUTINING AXAMIYATI
2026-01-08 15:35:00 / Yangiliklar

Ona suti – bu nafaqat tabiiy oziqlantirish vositasi, balki bolaning jismoniy, aqliy va ma’naviy rivojlanishida muhim omil hisoblanadi. Islomda va butun dunyoda ona suti bola uchun eng sog‘lom va muhim ozuqadir. Bola hayotining ilk oylari, uning immuniteti va sog‘lom o‘sishi asosan ona sutiga bog‘liq. Shuningdek, ona suti bolaning ruhiy va ma’naviy kamolotiga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Jismoniy rivojlanishdagi ahamiyati. Ona suti bolaning jismoniy rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan barcha moddalarga ega. Uning tarkibida oqsil, vitaminlar, minerallar va immunitetni mustahkamlaydigan moddalar bor. Ana shunday mukammal tarkib bolani infeksiyalardan himoya qiladi, salomatligini saqlaydi va uning o‘sishi uchun asos yaratadi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ona suti bilan ovqatlantirilgan bolalar sun’iy oziqlantirilganlarga qaraganda kasallikka kam uchraydi va oliy immunitetga ega bo‘ladi. Shu bois, dunyo sog‘liqni saqlash tashkilotlari ham ona suti bilan oziqlanishni birinchi 6 oy uchun tavsiya qiladi. Aqliy rivojlanishdagi roli
Ona suti tarkibidagi omega-3 kislota va boshqa oziq moddalar bolaning miyasining rivojlanishiga ijobiy ta’sir qiladi. Miya hujayralari va nerv sistemasi to‘g‘ri shakllanishi uchun ona sutidagi moddalar zarur.
Bola ona sutidan ertalabdan kechgacha nafaqat jismoniy, balki aqliy rivojlanishni ham olgan bo‘ladi. Shu bois, ona suti bilan oziqlangan bolalar sun’iy ovqatlantirilgan bolalarga nisbatan yaxshiroq fikrlaydi, diqqatni yig‘ish qobiliyati yuqori va o‘qishda ham samaraliroq bo‘ladi. Ma’naviy va psixologik ahamiyati
Ona suti bola va ona o‘rtasidagi emosional aloqani mustahkamlaydi. Teridan teriga aloqa orqali bola ona bilan himoya va mehr tuyg‘usini his qiladi. Bu bolaning ruhiy barqarorligi va psixologik rivoji uchun muhimdir.
Bolaning onaning huzuri va sutdan oladigan muhabbati uning ishonchini mustahkamlaydi va kelajakda axloqli, o‘zini himoya qila oladigan shaxs bo‘lib kamol topishiga xizmat qiladi.
Sog‘lom turmush tarzi va oilaviy qadriyatlar
Ona suti bola sog‘lig‘i uchun foydali bo‘lgani kabi, oilaviy qadriyatlarning shakllanishiga ham ta’sir qiladi. Ota-onalar ona sutiga e’tibor berish orqali bola salomatligi va tarbiyasiga mas’uliyat bilan yondashishni o‘rganadilar.
Shuningdek, ona suti bilan oziqlantirish oilada tartib va me’yorni saqlashga, bolaga tarbiya berishda aniqlikka ham yordam beradi.
Ona suti – bolaning jismoniy, aqliy va ma’naviy rivojidagi eng asosiy omildir. U bolani kasalliklardan himoya qiladi, uning aqliy qobiliyatini rivojlantiradi va ruhiy barqarorlikni ta’minlaydi. Shuningdek, ota-onalarga mas’uliyatni anglatadi va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlaydi.
Shu sababli har bir ota-ona o‘z bolasiga ona sutidan yetarli darajada foydalanish imkonini yaratishi, uning qadrini anglab, sog‘lom va farovon hayot uchun asos yaratishi lozim.
Navoiy viloyati Nurota tumani "Gʻ.Gʻulom" va "Saydato" mahallalari otinoyisi S.Shokirova
