YANGI YIL BAYRAM TABRIGI
2025-12-31 09:30:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, hurmatli tumandoshlar, shahrimiz mehmonlari!
Sizlarni kirib kelayotgan 2026-yil bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman. Yangi yil har bir xonadonga tinchlik, osoyishtalik, farovonlik va qut-baraka olib kelsin.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2026-yil mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingani Nurota tumani uchun ham katta mas’uliyat va yangi imkoniyatlar demakdir. Zero, mahalla — xalq bilan davlat o‘rtasidagi eng muhim ko‘prik, jamiyat taraqqiyotining tayanchidir.
O‘tayotgan 2025-yil Nurota tumani hayotida ham barqaror rivojlanish va samarali ishlarga boy yil bo‘ldi. Tuman infratuzilmasini yaxshilash, qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi turmush darajasini oshirish yo‘lida qator muhim loyihalar amalga oshirildi. Bu yutuqlar, avvalo, mehnatkash va fidoyi nurotaliklarimiz sa’y-harakatlari natijasidir.
Yangi 2026-yilda mahallalarni har tomonlama rivojlantirish, aholi murojaatlarini joyida hal etish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratamiz. Shuningdek, iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy soha ob’yektlarini rivojlantirish yo‘lida barcha imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Ishonchim komilki, siz aziz nurotaliklar bilan birgalikda 2026-yilda ham oldimizga qo‘yilgan barcha vazifalarni muvaffaqiyat bilan bajaramiz.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, tinchlik-xotirjamlik va mehnat faoliyatingizda ulkan yutuqlar tilayman.
Kirib kelayotgan Yangi yilingiz muborak bo‘lsin!
