MIB tomonidan undiruv ishlari olib borilmoqda
2025-12-30 15:15:00 / Yangiliklar

Yurtimizda tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida banklar tomonidan imtiyozli kredit mablag‘larini ajratish ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Biroq, berilgan imtiyozlarga qaramay ayrim tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan kredit shartnomasida belgilangan majburiyatlarni bajarmaslik holatlari ham uchrab turadi.
Misol uchun, Navbahor tumanlararo iqtisodiy sudining 08.07.2022 yildagi ijro hujjatiga asosan qarzdor “X.G” MCHJdan “O‘zsanoatqurilishbank” ATBning foydasiga 807.900 AQSH dollari miqdorida kredit qarzdorligi va 97.340 AQSH dollari miqdorida kredit foiz qarzdorligi jami 905.240 AQSH dollari miqdorida qarzdorlik undirish belgilangan.
Undiruv garovga qo‘yilgan “X.G” MCHJga tegishli bo‘lgan, Nurota tumanida joylashgan umumiy yer maydoni 6117,0 kv.m, qurilish osti maydoni 940,80 kv.m, foydali maydoni 880,23 kv. metr bo‘lgan toshni qayta ishlash sexi binosi va mramor va granit ishlab chiqarish texnologiyalariga qaratish belgilangan.
Mazkur ijro hujjati ish yurituvga kelib tushib, ijro harakatlari davomida MCHJga tegishli aniqlangan barcha mol-mulklar va hisob-raqamlarga taqiq qo‘yilgan.
Shuningdek, MCHJ qarzdorlikni to‘lash yuzasidan bir necha marotaba ogohlantirilgan. Biroq, ogohlantirishlarga qaramay, qarzdor tomonidan majburiyatlar bajarilmagach, majburiy ijro choralari qo‘llanilib, qarzdor “X.G” MCHJdan bank foydasiga 3.557.250.000 so‘m undirilishi ta’minlandi.
Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.
