NUROTA TUMANIDA YANGI YIL BAYRAMI MUNOSABATI BILAN ZAMONAVIY SPORT ZALI FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI
2025-12-27 16:35:00 / Yangiliklar

Yangi yil bayrami arafasida Nurota tumani “Jarma” mahalla fuqarolar yig‘ini, Xayrobod qishlog‘ida joylashgan 48-umumta’lim maktabida “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida qurilgan zamonaviy sport zali hamda maktab binosiga kirish fayesi foydalanishga topshirildi.
Tantanali tadbirda Nurota tumani hokimi Azamat Fayziyev, mahalla nuroniylari, faollar, ta’lim sohasi vakillari, yoshlar va jamoatchilik ishtirok etdi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan tuman hokimi A.Fayziyev yig‘ilganlarni kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan tabriklab, davlat dasturlari doirasida yoshlar uchun yaratilayotgan sharoitlar ularning sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, sport bilan muntazam shug‘ullanishi hamda jismonan sog‘lom va barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Ushbu sport zali zamonaviy talablarga javob beradigan sport anjomlari bilan jihozlangan bo‘lib, o‘quvchilar va mahalla yoshlari uchun yil davomida samarali foydalanish imkonini beradi. Ushbu loyiha mahalliy aholi tashabbusi asosida amalga oshirilgani bilan ham ahamiyatlidir.
Mazkur ochilish marosimi hududda ta’lim va sport infratuzilmasini rivojlantirish, yoshlarni sportga keng jalb etish yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.




