Nurobod tumani Ichki ishlar bo'limi boshlig'i S.Sharipovning tuman aholisiga MUROJAATI
2026-06-02 12:45:00 / Yangiliklar
Huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurash – barchamizning umumiy vazifamiz
Assalomu alaykum, hurmatli tumandoshlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari!
Barchamizga ma'lumki, bugungi kunda mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta'minlash, fuqarolar tinchligi va osoyishtaligini saqlash, huquqbuzarlik hamda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan bu borada qator muhim tashabbus va islohotlar amalga oshirilayotgani o‘z samarasini bermoqda.
Shu munosabat bilan tumanimizdagi kriminogen vaziyat, amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar va fuqarolarimiz xavfsizligini ta'minlash yuzasidan qisqacha ma'lumot bermoqchiman.
2026 yilning yanvar–may oylari davomida Nurobod tumanida jami 207 ta jinoyat qayd etildi. Shundan:
- 41 tasi tashabbus orqali aniqlangan jinoyatlar;
- 66 tasi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar;
- 100 tasi axborot texnologiyalari vositasida sodir etilgan kiberjinoyatlardan iborat.
Mahallalarda xavfsiz muhit yaratish maqsadida olib borilgan profilaktik tadbirlar natijasida 39 ta mahallaning 13 tasida jinoyatlar soni kamaydi, 22 ta mahallada esa umuman jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Biroq Mash'al, Tepaqul, Chortut va Saroy mahallalarida jinoyatchilik ko‘rsatkichlari oshgani sababli ular "qizil" toifaga kiritildi.
Birgina 2026 yil may oyida tumanda 52 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, ularning:
- 7 tasi (13,4 foizi) tashabbus orqali aniqlangan;
- 17 tasi (32,6 foizi) oldini olish mumkin bo‘lgan;
- 28 tasi (53,8 foizi) axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatlardan iborat.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar orasida o‘g‘irlik jinoyatlari salmog‘i hanuz yuqoriligicha qolmoqda.
Hurmatli tumandoshlar!
Joriy yilning besh oyi davomida tumanda 31 ta o‘g‘irlik jinoyati sodir etilgan bo‘lib, bu umumiy jinoyatlarning qariyb 15 foizini tashkil etadi.
Ularning hududlar kesimidagi tahliliga ko‘ra:
- Mash'al va Tepaqul mahallalarida — 4 tadan;
- Xalqobod, Oltinsoy, O‘rtabo‘z, Girdiqo‘rg‘on, Omondara, Chortut, Mehnatkash, Sariko‘l va Saroy mahallalarida — 2 tadan;
- Ag‘ron, Amir Temur, Navro‘z, Qo‘rg‘oncha va Olg‘a mahallalarida — 1 tadan o‘g‘irlik holatlari qayd etilgan.
Sodir etilgan o‘g‘irliklarning:
- 5 tasi xonadonlarda;
- 18 tasi chorva mollari o‘g‘irligi;
- 1 tasi savdo shoxobchasida;
- 1 tasi kissavurlik;
- 4 tasi korxona va tashkilotlarda sodir etilgan.
Shu sababli fuqarolarimizdan xonadonlari, savdo nuqtalari va boshqa mulklarini zamonaviy qo‘riqlash vositalari bilan jihozlashlarini, imkon qadar qo‘riqlash pultlariga ulashlarini tavsiya etamiz.
Kiberjinoyatlardan ehtiyot bo‘ling!
Aziz fuqarolar!
Bugungi kunda eng dolzarb muammolardan biri — internet firibgarligi va kiberjinoyatchilikdir.
Afsuski, fuqarolarimizning ayrim hollarda ehtiyotsizlik qilishi, bank kartasi ma'lumotlari va maxfiy kodlarini begonalarga taqdim etishi oqibatida firibgarlar tuzog‘iga tushib qolish holatlari ko‘paymoqda.
Eslatib o‘tamiz:
❗ Bank kartangiz raqami, PIN-kodi, SMS-kodlari va boshqa maxfiy ma'lumotlarni hech kimga bermang.
❗ "Sudga chaqiruv", "MIBdan jarima", "Sizning suratlaringiz", "Yutuq yutdingiz" kabi noma'lum havola va fayllarni ochmang.
❗ O‘zini bank, Markaziy bank, davlat organlari yoki to‘lov tizimi xodimi deb tanishtirayotgan shaxslarga ishonmang.
❗ Shubhali telefon qo‘ng‘iroqlari va xabarlarga duch kelsangiz, avvalo bank yoki tegishli tashkilotning rasmiy aloqa raqamlari orqali ma'lumotni tekshirib ko‘ring.
Unutmang! Sizning hushyorligingiz va ogohligingiz kiberjinoyatlarga qarshi eng kuchli himoya vositasidir.
Yoshlar tarbiyasi – barchamizning mas'uliyatimiz
Bugungi kunda yoshlarimiz uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, ularni turli salbiy ta'sirlardan asrash masalasi ham dolzarb ahamiyatga ega.
Quvonarlisi shundaki, joriy yilning o‘tgan davrida tumanimizda atigi 1 nafar yosh tomonidan 1 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan keskin kamaygan.
Bu natija ota-onalar, mahalla faollari, nuroniylar, ta'lim muassasalari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning hamkorlikdagi sa'y-harakatlari samarasidir.
Shu o‘rinda barcha ota-onalardan farzandlari tarbiyasiga yanada mas'uliyat bilan yondashishlarini, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishlarini hamda har qanday salbiy holatlarga befarq bo‘lmasliklarini so‘rab qolamiz.
Hurmatli tumandoshlar!
Jinoyatchilikka qarshi kurash faqat ichki ishlar organlarining vazifasi emas. Mahalla tinchligi, oilalar osoyishtaligi va jamiyat xavfsizligi barchamizning umumiy mas'uliyatimizdir.
Keling, birgalikda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning har qanday ko‘rinishiga qarshi murosasiz kurashaylik, ogoh va hushyor bo‘laylik hamda mahallalarimizni jinoyatdan holi hududga aylantiraylik.
Tinchlik va osoyishtalik – eng katta boyligimizdir. Uni asrash esa barchamizning sharafli burchimizdir.
E'tiboringiz uchun rahmat!
