Nurobod tumani prokurori Jamshid Abdixakimovning tuman aholisiga profilaktik-ogohlantiruv murojaati
2026-06-02 12:05:00 / Yangiliklar
HURMATLI TUMANDOSHLAR VA IJTIMOIY TARMOQ FOYDALANUVCHILARI!
Bugun sizlarga tumanimizdagi kriminogen vaziyat, amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar hamda fuqarolarimizning xavfsizligini ta’minlash borasidagi muhim masalalar yuzasidan murojaat qilmoqchiman.
Joriy yilning yanvar–may oylari davomida tuman hududida jami 207 ta jinoyat qayd etildi. Shundan 41 tasi tashabbus orqali aniqlangan jinoyatlar, 66 tasi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar, 100 tasi esa axborot texnologiyalari vositasida sodir etilgan kiberjinoyatlardan iborat bo‘ldi.
Quvonarlisi shundaki, olib borilgan tizimli profilaktik chora-tadbirlar natijasida tumanimizda qotillik, nomusga tegish, bosqinchilik hamda avtotransport vositalarini olib qochish kabi og‘ir jinoyatlar sodir etilishining oldi olindi.
Mahallalarda xavfsiz muhit yaratish maqsadida amalga oshirilgan ishlar natijasida 39 ta mahallaning 13 tasida jinoyatchilik kamaydi, 22 ta mahallada esa umuman jinoyat sodir etilmadi. Shu bilan birga, Mash’al, Tepaqul, Chortut va Saroy mahallalarida jinoyatchilik ko‘rsatkichlari oshgani sababli ular “qizil” toifaga kiritildi.
Birgina may oyida tumanda 52 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, ularning 17 tasi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar hisoblanadi. Ushbu jinoyatlarning asosiy qismini o‘g‘irlik holatlari tashkil etmoqda.
Hurmatli fuqarolar!
Tahlillarga ko‘ra, yil boshidan buyon tumanda 31 ta o‘g‘irlik jinoyati sodir etilgan. Ularning aksariyati fuqarolarning ehtiyotsizligi, mol-mulkka beparvo munosabati va xavfsizlik choralariga yetarlicha e’tibor qaratmasligi oqibatida yuz bermoqda.
Shu munosabat bilan sizlardan xonadonlaringiz, savdo nuqtalaringiz va boshqa mulklaringizni ishonchli qo‘riqlash vositalari bilan jihozlashingizni, transport vositalaringizni ochiq holda qoldirmasligingizni hamda qimmatbaho buyumlarni nazoratsiz tashlab ketmasligingizni so‘raymiz.
Aziz tumandoshlar!
Bugungi kunda eng dolzarb muammolardan biri — kiberjinoyatchilikdir. Firibgarlar turli usullar bilan fuqarolar ishonchiga kirib, ularning bank kartalaridagi mablag‘larini talon-toroj qilmoqda.
Shuni unutmang:
❗ Bank kartangizning PIN-kodi, SMS-kodi va boshqa maxfiy ma’lumotlarini hech kimga bermang.
❗ “Sudga chaqiruv”, “MIBdan jarima”, “Sizning suratlaringiz” kabi noma’lum havolalar va APK fayllarni ochmang.
❗ O‘zini bank, Markaziy bank, davlat organlari yoki to‘lov tizimlari xodimi deb tanishtirayotgan notanish shaxslarga ishonmang.
❗ Bank kartangizga tahdid bo‘layotgani haqida qo‘ng‘iroq qilinsa, darhol bankingizning rasmiy ishonch telefoniga murojaat qiling.
Aziz ota-onalar!
Yoshlarimizning tarbiyasi va kelajagi barchamiz uchun muhim. Joriy yilning o‘tgan davrida tumanimizda atigi 1 nafar yosh tomonidan jinoyat sodir etilgani, o‘tgan yilga nisbatan ushbu ko‘rsatkichning keskin kamayganini ko‘rsatadi. Bu natija ota-onalar, mahalla faollari, nuroniylar va hamkor tashkilotlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari samarasidir.
Shu bois farzandlaringizning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning qiziqishlari va muammolariga befarq bo‘lmaslik, internetdan foydalanishini nazorat qilish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.
Hurmatli yurtdoshlar!
Jinoyatchilikka qarshi kurash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas. Xavfsiz mahalla, xavfsiz ko‘cha va xavfsiz jamiyatni yaratish barchamizning umumiy mas’uliyatimizdir.
Keling, birgalikda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning har qanday ko‘rinishiga qarshi murosasiz kurashaylik, ogoh va hushyor bo‘laylik hamda mahallalarimizni jinoyatdan holi hududga aylantiraylik.
Tinchlik, osoyishtalik va farovonlik har bir xonadondan boshlanadi.
E’tiboringiz uchun rahmat!
