Nurobodda Qurbon hayiti bayrami arafasida mehr va saxovat ulashilmoqda
2026-05-25 17:30:00 / Yangiliklar

Qurbon hayiti bayrami arafasida yurtimizda mehr-oqibat, saxovat va inson qadri ulug‘lanayotgan ezgu kunlar yanada keng quloch yozmoqda.
Prezidentimizning “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida joylarda keng ko‘lamli xayriya va ko‘mak tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Ana shunday savobli ishlardan biri Nurobod tumanida ham davom etmoqda. Tumandagi 1192 ta davlat ta’minotidagi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi keksalar hamda nogironligi bo‘lgan fuqarolar holidan xabar olinib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilmoqda.
Ushbu saxovat va mehr ulashayotgan jarayonda tuman hokimi Maxsud Buranov ham bevosita ishtirok etib, mahalla yettiligi va imom-xatiblar hamkorligida insonlar qalbiga quvonch olib kirilmoqda.
Har bir eshik qoqilishi ortida mehr, har bir uzatilgan saxovat ortida inson qadri mujassam. Ayniqsa, muborak ayyom arafasida ko‘ngillarga iliqlik ulashish, duoga muhtoj insonlar holidan xabar olish xalqimizga xos eng buyuk fazilatlardan biridir.
Qurbon hayiti barchamizga tinchlik, baraka va mehr-oqibat olib kelsin!
