Nurobodda ijtimoiy soha obyektlari qurilishi o‘rganildi
2026-04-30 20:35:00 / Yangiliklar

Bugun Nurobod tumani hokimi M.Buranov tumanda amalga oshirilayotgan muhim ijtimoiy soha obyektlari qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Xususan, tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Sazag‘on oilaviy poliklinikasi yangi binosi hamda 11-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi hududida qurilayotgan yengil konstruksiyali zamonaviy sport zalining qurilish ishlari atroflicha ko‘zdan kechirildi.
O‘rganish jarayonida qurilish maydonlarida olib borilayotgan ishlarning sifati, foydalanilayotgan qurilish materiallari, texnik talablar hamda belgilangan muddatlarga rioya etilishi alohida e’tiborga olindi. Mas’ul pudratchi tashkilot vakillari bilan muloqot qilinib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, ishlarni jadallashtirish va eng muhimi, sifatni ustuvor mezon sifatida ta’minlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Sazag‘on oilaviy poliklinikasida qurilayotgan yangi bino foydalanishga topshirilgach, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati yanada oshishi, zamonaviy sharoitlar yaratilishi kutilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, aholining sog‘lig‘ini mustahkamlash, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, 11-son maktab hududida bunyod etilayotgan yengil konstruksiyali sport zal yosh avlodni jismoniy tarbiyalash, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Mazkur inshoot o‘quvchilar uchun zamonaviy va qulay sharoitlarni yaratib, ta’lim muassasasining infratuzilmasini yanada mustahkamlaydi.
Har bir barpo etilayotgan obyekt — bu insonlar farovonligi, yoshlar kelajagi va hudud taraqqiyotiga qo‘yilayotgan mustahkam poydevordir.
