Har bir murojaat – e’tiborda: Sazag‘on va Saroy mahallalarining yoshlari muloqot markazida
2026-04-30 16:05:00 / Yangiliklar

Bugun Nurobod tumani hokimi M.Buranov tomonidan tumanning Sazag‘on va Saroy mahallalari fuqarolari bilan uchrashuv tashkil etildi. Mazkur muloqot aholining muammolarini joyida o‘rganish, ularni tizimli hal etish hamda xalq bilan bevosita aloqani mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Uchrashuv davomida fuqarolar tomonidan turli yo‘nalishlarda murojaatlar bildirildi. Har bir murojaat tinglanib, mas’ul tashkilot rahbarlariga aniq vazifalar yuklatildi hamda muammolarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy yechimlar belgilandi.
Alohida e’tibor shundaki, uchrashuv bugungi “Yoshlar kuni” doirasida o‘tkazilib, asosiy urg‘u yoshlar hayotiga qaratildi. Yoshlarning bandligi, ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni tadbirkorlikka jalb etish masalalari keng muhokama qilindi. Yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanib, ular uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Uchrashuvda mas’ullarga murojaatlar ijrosini qat’iy nazoratga olish, ayniqsa yoshlar bilan ishlash tizimini yanada kuchaytirish, ularning muammolariga tezkor va samarali yechim topish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
