Nurobod tumani Ichki ishlar bo'limi boshlig'i S.Sharipovning tuman aholisiga MUROJAATI
2026-04-10 16:55:00 / Yangiliklar
Assalomu alaykum, hurmatli tumandoshlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari!
Bugungi kunda mamlakatimizda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash hamda jamiyatda barqaror muhitni shakllantirish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Ayniqsa, jinoyatlarning barvaqt oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
2026-yilning dastlabki uch oyi davomida tumanimizda jami 122 ta jinoyat qayd etildi. Ushbu jinoyatlarning:
- 26 tasi tashabbus orqali aniqlangan,
- 43 tasi oldini olish mumkin bo‘lgan,
- 53 tasi esa axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan jinoyatlardan iborat.
Mahallalarda olib borilgan tizimli profilaktik ishlar natijasida ijobiy ko‘rsatkichlarga erishildi. Xususan, tumandagi 39 ta mahallaning:
- 9 tasida jinoyatlar kamaydi,
- 26 tasida esa umuman jinoyat sodir etilmadi.
Shu bilan birga, Ma’shal, Tepaqul, Chortut va Saroy mahallalari “qizil” toifaga kiritilib, ushbu hududlarda sodir etilgan jinoyatlar umumiy ko‘rsatkichning 32,5 foizini tashkil etgani qayd etildi. Bu esa mazkur hududlarda profilaktik ishlarni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
2026-yilning mart oyi davomida esa jami 58 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, shundan:
- 13 tasi (18,4%) tashabbus orqali aniqlangan,
- 24 tasi (44,7%) oldini olish mumkin bo‘lgan,
- 21 tasi (36,8%) axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan.
Oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar tarkibida:
- 6 tasi (25%) o‘g‘irlik,
- 2 tasi (8,3%) tan jarohati yetkazish,
- 1 tasi (4,1%) oilaviy zo‘ravonlik,
- 1 tasi talonchilik,
- 12 tasi (50%) boshqa turdagi jinoyatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ayniqsa o‘g‘irlik jinoyatlari salmog‘i yuqoriligicha qolmoqda. O‘rganishlar davomida aniqlanishicha, ko‘plab holatlarda fuqarolar tomonidan o‘z mulkiga beparvolik bilan qarash, chorva mollarini qarovsiz qoldirish, og‘ilxonalar xavfsizligini ta’minlamaslik kabi omillar jinoyat sodir etilishiga sharoit yaratmoqda.
Xalqimizda “o‘z mulkingni o‘zing ehtiyot qil” degan hikmat bejiz aytilmagan. Har bir fuqaro o‘z mulkiga mas’uliyat bilan yondashsa, jinoyatlarning oldini olish mumkin.
Shuningdek, so‘nggi yillarda firibgarlik jinoyatlari, ayniqsa internet orqali sodir etilayotgan kiberjinoyatlar soni ortib bormoqda. Fuqarolar ko‘pincha ijtimoiy tarmoqlar orqali:
- turli mahsulotlarni sotib olish,
- chet elga ish yoki o‘qishga yuborish,
- kredit olib berish va’da qilgan shaxslarga ishonib,
pul va hujjatlarini topshirib qo‘yishmoqda.
Afsuski, ko‘plab holatlarda fuqarolar o‘z bank kartalari ma’lumotlari, SMS kodlari va shaxsiy parollarini begonalarga berib, firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmoqda.
Hurmatli fuqarolar!
Hech qachon:
- bank karta ma’lumotlarini,
- SMS tasdiqlash kodlarini,
- shaxsiy akkaunt parollarini
uchinchi shaxslarga bermang!
Shubhali havolalar va noma’lum manbalardan kelgan xabarlarga ishonmang. Hatto ular o‘zlarini bank yoki davlat organi xodimi sifatida tanishtirgan taqdirda ham, albatta tekshirib ko‘ring.
Unutmang: kiberjinoyat hushyorlik yetishmasligidan boshlanadi.
Bundan tashqari, yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq holatlar ham dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda. Ayrim fuqarolar tomonidan spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda transport vositasini boshqarish, tezlikni oshirish holatlari og‘ir oqibatlarga, hatto insonlar hayotidan ayrilishiga sabab bo‘lmoqda.
Hurmatli tumandoshlar!
Agar biz barchamiz birgalikda huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashsak, hushyor va mas’uliyatli bo‘lsak, tumanimizni jinoyatdan holi, tinch va xavfsiz hududga aylantirishimiz mumkin.
Yodingizda bo‘lsin: xavfsizlik — har birimizdan boshlanadi!
E’tiboringiz uchun rahmat.
