Nurobod tumani prokurori Jamshid Abdixakimovning tuman aholisiga profilaktik-ogohlantiruv murojaati
2026-04-09 21:10:00 / Yangiliklar
Bugungi kunda jamiyat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish va fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, Nurobod tumanida shakllangan kriminogen vaziyat yuzasidan aholiga muntazam ravishda ochiq va tahliliy ma’lumotlar yetkazib borish, ularni ogohlikka chaqirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
2026 yilning yanvar–mart oylari davomida tuman hududida jami 122 ta jinoyat qayd etildi. Ushbu ko‘rsatkichlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, jinoyatlarning muayyan qismi fuqarolarning e’tiborsizligi yoki oddiy ehtiyot choralariga amal qilmasligi oqibatida sodir bo‘lmoqda. Jumladan, 26 ta jinoyat tashabbus asosida aniqlangan bo‘lsa, 43 tasi oldini olish mumkin bo‘lgan toifadagi jinoyatlar sirasiga kiradi. E’tiborlisi, 53 ta jinoyat zamonaviy axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan bo‘lib, bu kiberjinoyatchilikning tobora kuchayib borayotganini anglatadi.
Shu bilan birga, olib borilgan tizimli profilaktik ishlar natijasida qotillik, bosqinchilik, nomusga tegish, transport vositasini olib qochish kabi og‘ir jinoyatlarning sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagani ijobiy natija sifatida baholanadi. Mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar ham o‘z samarasini bermoqda. Xususan, 39 ta mahallaning 9 tasida jinoyatlar soni kamaygan bo‘lsa, 26 tasida umuman jinoyat sodir etilmagan.
Biroq ayrim hududlarda vaziyat jiddiy e’tibor talab qiladi. Xususan, Mash’al, Tepaqul, Chortut va Saroy mahallalarining “qizil” toifaga kirgani bu hududlarda profilaktik ishlarni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Jinoyatlar tarkibida o‘g‘irliklar salmoqli o‘rin egallamoqda. Uch oy davomida 22 ta o‘g‘irlik holati qayd etilib, bu umumiy jinoyatlarning 18 foizini tashkil etadi. Ayniqsa, chorva o‘g‘irligi holatlarining ko‘pligi fuqarolarning mulkini himoya qilish borasida yanada ehtiyotkor bo‘lishi zarurligini anglatadi. Xonadonlar, savdo shahobchalari va korxonalarda sodir etilgan o‘g‘irliklar ham xavfsizlik choralarini kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
So‘nggi yillarda eng xavfli yo‘nalishlardan biri sifatida kiberjinoyatchilik alohida e’tibor talab qilmoqda. Fuqarolarning plastik karta ma’lumotlarini begonalarga berishi, shubhali havolalar va ilovalarga ishonishi natijasida firibgarlik holatlari ortib bormoqda. Ayniqsa, “Sudga chaqiruv”, “Jarima”, “Sizning rasmlaringiz” kabi soxta xabarlar orqali zararli dasturlar tarqatilishi fuqarolar uchun jiddiy tahdid bo‘lib qolmoqda. Shu bois har bir fuqaro shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishda yanada hushyor bo‘lishi zarur.
Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning kamaygani esa ijobiy ko‘rsatkichdir. Joriy yilning o‘tgan davrida atigi 3 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan sezilarli darajada kamaygan. Bu natija huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ta’lim muassasalari va jamoatchilik hamkorligida olib borilayotgan tizimli ishlar samarasi ekanini ko‘rsatadi. Biroq bu borada ota-onalarning mas’uliyati ham muhim ahamiyatga ega. Farzandlarning tarbiyasi, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va nazorat qilish orqali ko‘plab salbiy holatlarning oldini olish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, jinoyatchilikka qarshi kurashish va xavfsiz muhitni ta’minlash har birimizning umumiy vazifamizdir. Fuqarolarning hushyorligi, qonunlarga hurmat bilan yondashuvi hamda jamoatchilik bilan hamkorlikda olib boriladigan ishlar orqali Nurobod tumanini yanada tinch va osoyishta hududga aylantirish mumkin.
