Seminar-trening tashkil etildi
2026-02-17 15:55:00 / Yangiliklar

Bugun Nurobod tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida tuman prokuraturasi xodimlari ishtirokida, tumandagi mahalla yettiligi hamda tegishli soha mas’ullari uchun seminar-trening tashkil etildi.
Mazkur seminar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF–258-son Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 35-son qarori mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi. Ushbu normativ-huquqiy hujjatlar ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish, manzilli va shaffof yordam mexanizmlarini joriy etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Seminar davomida “Ijtimoiy reestr” tizimi, unga oilalarni kiritish mezonlari, davlat ijtimoiy yordam turlarini belgilashda adolat va aniqlikni ta’minlash masalalari batafsil muhokama qilindi. Shuningdek, mahalla yettiligining ushbu jarayondagi o‘rni, fuqarolar bilan ishlashda qonuniylikni ta’minlash, hujjatlarni rasmiylashtirishda yo‘l qo‘yilayotgan xatolarning oldini olish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan mutaxassislar yangi tartiblarning afzalliklari, ularning joylarda samarali ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalarga to‘xtalib o‘tdilar. Xususan, ehtiyojmand oilalarni aniqlashda mahallaning mas’uliyati, ijtimoiy yordamning takrorlanishi yoki asossiz berilishining oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldilar hamda mazkur hujjatlar ijrosini joylarda sifatli va samarali tashkil etish bo‘yicha tushunchalarga ega bo‘ldilar.
