Prezident Murojaatnomasi istiqboldagi muhim strategik yo‘nalishlarni belgilab berdi
2026-01-09 18:05:00 / Yangiliklar
Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasi Davlat Rahbarining navbatdagi ma’ruzasi emas, balki O‘zbekiston qanday bosqichdan o‘tib kelgani va qayerga qarab harakat qilayotganini ochiq-oydin ko‘rsatib bergan siyosiy-strategik bayonot sifatida tarixiy ahamiyat kasb etdi.
Bu Murojaatnoma, avvalo, bitta asosiy haqiqatni ochib berdi: O‘zbekistondagi rejalashtirilgan islohotlar amaliy natijalarni berib boshladi. Endi gap qabul qilinadigan qarorlar soni bilan emas, balki ana shu qarorlar odamlarning hayotida nima o‘zgarishlar yaratishi bilan baholanishi qayd etildi.
So‘nggi to‘qqiz yilda shahar va qishloqlar qiyofasining tubdan o‘zgarishi, infratuzilmaning kengayishi, xizmatlarning raqamlashuvi, aholi turmush sifatidagi sezilarli yaxshilanishlar bu fikrning shunchaki shior emasligini isbotlab turibdi.
Iqtisodiy raqamlar esa bu jarayonning mustahkam poydevorga tayanayotganini anglatadi. Yalpi ichki mahsulot hajmining 145 milliard dollardan oshgani, oltin-valyuta zaxiralarining 60 milliard dollarga yetgani, eksport hajmining 23 foizga o‘sib, 33,4 milliard dollardan oshgani – bular global iqtisodiy beqarorlik sharoitida har qanday davlat uchun jiddiy yutuq. Ammo Prezident bu raqamlar bilan maqtanishni emas, ular orqali iqtisodiyot mantig‘ini o‘zgartirishni taklif qildi.
Endilikda o‘sishning yangi formulasi aniq: texnologiya, innovatsiya, yuqori qo‘shilgan qiymat, energiya va mehnat unumdorligi. Arzon resurs va keng bozorga suyangan rivojlanish modeli o‘z ahamiyatini yo‘qotdi. O‘zbekiston sifatli, barqaror va raqobatbardosh o‘sish yo‘liga qadam qo‘ymoqda.
Murojaatnomada energiya, suv va uy-joy masalalarining alohida blok sifatida ko‘tarilishi ham bejiz emas. Chunki fuqarolar uchun davlat siyosati, avvalo, kundalik hayotda seziladigan natija demakdir. Elektrning uzilmasligi, toza ichimlik suvi, munosib uy-joy, yo‘l va transport – aynan odamlar kundalik duch keladigan shu omillar davlatga bo‘lgan ishonchni shakllantiradi.
Aytish lozimki, Murojaatnomadagi eng kuchli ijtimoiy signallardan biri – kambag‘allikka nisbatan yondashuvning o‘zgargani bilan bog‘liq. Davlat endilikda faqat yordam tarqatuvchi emas, balki insonni barqaror daromad manbai sari yetaklovchi tizimga aylanyapti. O‘tgan yillarda 8,5 milliondan ortiq insonning kambag‘allik darajasidan chiqqani, 1 435 mahallaning “kambag‘allikdan xoli” hududga aylangani, ishsizlik darajasining 4,9 foizga tushishi – ijtimoiy siyosatning iqtisodiy islohotlar bilan bog‘langanini anglatadi.
Shu bilan birga, 2026-2030-yillar rivojining markaziga texnologik transformatsiya qo‘yildi. “Industriya 4.0”, sun’iy intellekt, startaplar, fintex, data-markazlar, superkompyuterlar – bular alohida sohalar emas, balki iqtisodiyotni tubdan qayta qurishga qaratilgan yagona tizimdir. Davlat iqtisodiyotni kelajakka moslashtirishni kechiktirmayapti.
Investitsiya siyosatida ham mutlaqo yangi talab qo‘yildi: endi iqtisodiyotga jalb qilinayotgan har bir dollar faqat sarmoya emas, balki texnologiya, eksport, resurs samaradorligi va mahalliy kadrlar salohiyatini oshirishga xizmat qilishi shartligi ta’kidlandi.
Davlat boshqaruvini inson uchun qulay, tizimni esa shaffof qilish maqsadida elektron hukumatni tubdan yangilash, davlat xizmatlarini sun’iy intellekt asosida boshqarish, sud-huquq tizimini raqamlashtirish tashabbuslari ham shu mantiqiy zanjirning davomidir. Korrupsiyaga qarshi kurashni “favqulodda holat” deb e’lon qilish esa davlatning bu boradagi siyosiy irodasini ochiq ko‘rsatdi.
Murojaatnomaning g‘oyaviy markazida esa mahalla instituti turibdi. 2026-yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilish taklifi davlat islohotlari qayerdan boshlanishini aniq belgilab berdi. Mahallalar infratuzilmasini yaxshilash va rivojlantirish maqsadlariga 8,5 trln so‘m, parlament deputatlari orqali ularning saylov okruglaridagi muammolarni hal qilish uchun 500 mlrd so‘m ajratilishi, “yashil hudud” tashabbuslarining qo‘llab-quvvatlanishi islohotlar markazi eng quyi, lekin eng ta’sirchan nuqta ekanini anglatadi.
Xulosa qilib aytganda, ushbu Murojaatnoma O‘zbekiston taraqqiyotida navbatdagi bosqichni belgilab berdi. Bu bosqich texnologiyalarga tayangan barqaror o‘sish, samarali davlat boshqaruvi, ijtimoiy adolat va inson farovonligini ustuvor qo‘ygan rivojlanish bosqichidir. Endi bu yo‘lda barcha bir maqsad atrofida birlashsa, belgilab berilgan vazifalarni vijdonan va sidqidildan amalga oshirishga kirishsa islohotlar nafaqat davom etadi, balki mustahkam natijalarga olib boradi.
Dilnur A’zamov,
Xalq deputatlari Nurobod tuman Kengashi deputati
