Nurobod tumani Ichki ishlar bo'limi boshlig'i S.Sharipovning tuman aholisiga MUROJAATI
2026-01-09 17:15:00 / Yangiliklar
Assalomu alaykum, hurmatli tumandoshlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari!
Barchamizga ma’lumki, bugungi kunda Davlatimiz rahbari tomonidan huquqbuzarlik va jinoyatchilikni barvaqt oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu munosabat bilan, 2025-yil yakunlari hamda dekabr oyidagi kriminogen vaziyat yuzasidan qisqacha ma’lumot berib o‘tmoqchiman.
Umumiy kriminogen holat
2025-yilning 12 oyi davomida tuman hududida jami 352 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lib, shundan:
-
68 tasi tashabbus orqali aniqlangan jinoyatlar;
-
236 tasi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar;
-
48 tasi axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan jinoyatlardan iborat.
Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida:
-
39 ta mahallaning 23 tasida jinoyatlar soni kamaydi;
-
8 ta mahallada umuman jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Shuningdek, 8 ta mahalla “qizil” toifaga kiritilgan bo‘lib, ushbu hududlarga mahallalarda sodir etilgan oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarning 42,9 foizi to‘g‘ri kelmoqda.
Dekabr oyi tahlili
2025-yil dekabr oyida tuman hududida jami 81 ta jinoyat sodir etilgan. Jumladan:
-
11 tasi (13,5%) tashabbus orqali aniqlangan;
-
29 tasi (35,8%) oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar;
-
41 tasi (50,6%) axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan jinoyatlardir.
Oldini olish mumkin bo‘lgan 29 ta jinoyatning:
-
9 tasi (31,0%) o‘g‘irlik;
-
4 tasi (13,7%) tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlardir.
Afsuski, o‘g‘irlik va tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlar salmog‘i hanuz yuqoriligicha qolmoqda.
Fuqarolarga murojaat
Hurmatli tumandoshlar!
So‘nggi vaqtlarda fuqarolar, ayniqsa yoshlar o‘rtasida oddiy kelishmovchiliklar oqibatida og‘ir va o‘rtacha og‘ir tan jarohatlari yetkazish holatlari ko‘payib borayotganligi tashvish uyg‘otmoqda.
Shu sababli, oila-turmush, qarindoshlar va qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida yuzaga kelayotgan nizolarni barvaqt bartaraf etish maqsadida mahallalarda yarashtiruv institutlari faoliyatini kuchaytirish, mahalla yettiligi bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash lozim.
O‘g‘irlik jinoyatlari sabablari
O‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘g‘irlik jinoyatlarining asosiy sabablari fuqarolarning o‘z mulkiga bo‘lgan e’tiborsizligi bilan bog‘liq. Xususan:
-
chorva mollari qarovsiz qoldirilishi;
-
og‘ilxonalarning yashash joyidan uzoqda joylashgani;
-
ko‘plab og‘ilxonalarda eshik va qulflarning mavjud emasligi;
-
chorva mollari dalada nazoratsiz qoldirilishi.
Bejizga xalqimizda: “O‘z mulkingni o‘zing ehtiyot qil”, — deyilmagan. Har bir fuqaro o‘z mulkiga mas’uliyat bilan yondashsa, bunday jinoyatlarning oldini olish mumkin bo‘ladi.
Firibgarlik va kiberjinoyatchilik
So‘nggi yillarda, ayniqsa oxirgi uch yil davomida firibgarlik jinoyatlari ko‘payib bormoqda. Fuqarolar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyati ijtimoiy tarmoqlar orqali:
-
buyum yoki yer sotib olish,
-
chet elga ishga yoki o‘qishga yuborish,
-
kredit olib berishga “yordam” va’da qilgan shaxslarga pul va hujjatlarni topshirish bilan bog‘liq.
Shuningdek, targ‘ibot ishlariga qaramasdan, kiberjinoyatchilik fuqarolarning e’tiborsizligi sababli kengayib bormoqda. Plastik karta raqamlari va maxfiy kodlarni begonalarga berish firibgarlar domiga tushishga olib kelmoqda.
⚠️ Ogohlantirish!
Plastik kartangizga oid parollarni hech kimga bermang. “Telegram” va boshqa messenjerlar orqali kelayotgan shubhali xabarlarga ishonmang. Bu ma’lumotlarni faqat firibgarlar so‘raydi.
Yo‘l harakati va yoshlar masalasi
Shuningdek, spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda transport vositalarini boshqarish, aholi yashash hududlarida tezlikni oshirib harakatlanish ko‘plab ayanchli oqibatlarga, jumladan, o‘lim holatlariga olib kelmoqda.
2025-yil davomida tumanda:
-
10 nafar voyaga yetmagan,
-
11 nafar ayol,
-
76 nafar yoshlar tomonidan jinoyatlar sodir etilgani qayd etilgan.
Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning barchasi ularning nazoratsizligi oqibati ekanligini alohida ta’kidlash lozim.
Xulosa
Hurmatli tumandoshlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari!
Agar barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashsak, tumanimiz va mahallalarimizni jinoyatdan holi hududga aylantirishimiz mumkin.
E’tiboringiz uchun rahmat.
