Nurafshonda barpo etilgan muazzam favvoralar ansambli shaharga o‘zgacha tarovat baxsh etmoqda
2026-08-14 21:15:00 / Yangiliklar
Nurafshon shahrida Mustaqilligimizning 35 yillik shodiyonalari arafasida shahar ahli va mehmonlariga yana bir munosib tuhfa — 70 metr uzunlikdagi zamonaviy musiqali favvoralar majmui ishga tushirildi.

Mazkur majmua davlatimiz rahbarining viloyatimiz, xususan, uning markazi Nurafshon shahrini zamonaviy shaharsozlik asosida rivojlantirishga qaratayotgan e’tiborining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.
Osmono‘par favvoralar “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi muazzam sun’iy ko‘l bag‘rida qad rostlab, marvarid tomchilari va orombaxsh fayzi bilan shaharning eng diqqatga sazovor maskanlaridan biriga aylanib, Nurafshonning zamonaviy qiyofasiga yana bir go‘zal chizgi qo‘shdi.
Ayniqsa, kechqurun bu yerdagi atmosfera yanada jozibador tus oladi. Turfa rangli chiroqlar ostida 70 metrlik favvoralar musiqa sadolariga uyg‘un ravishda goh osmon sari intilib, goh mayin tovush bilan ko‘l bag‘riga qaytib tushadi. Suv, nur va musiqa uyg‘unligi esa oddiy sayrni ham o‘ziga xos tomoshaga aylantiradi.
Favvora atrofidagi so‘lim xiyobonda sayr qilish, sokin o‘rinlarda hordiq chiqarish, yaqinlar bilan suhbatlashish uchun sharoitlar yaratilgan. Muzqaymoq, salqin ichimliklar, fast-fut shahobchalari ish boshlagani
bu yerni oilaviy dam olish uchun ayni muddaoga aylantirgan.
Zero, Nurafshonning yangi qiyofasi faqat muhtasham binolar bilan emas, odamlar zavq bilan keladigan, oilasi bilan vaqt o‘tkazadigan, xotiralar qoldiradigan go‘zal maskanlar bilan yaratilmoqda.
Nurafshon favvoralar ansambli har kuni 20.00 da 22.00 gacha shahar ahli va mehmonlari xizmatida bo‘ladi.






