Bugun Nurafshon shahar hokimi Qobil Xamdamov rahbarligida navbatdagi hokimlik soati bo‘lib o‘tdi
2026-08-17 13:05:00 / Yangiliklar

Yig‘ilish kun tartibidan shaharda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, qonuniy tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, norasmiy bandlikni qisqartirish va tadbirkorlik subyektlari uchun teng raqobat muhitini ta’minlash masalalari o‘rin oldi.
Mazkur yo‘nalishda iqtisodiyot va moliya, davlat soliq xizmati, bandlik, mehnat inspeksiyasi, ekologiya hamda elektr ta’minoti tizimlari vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan shahar hududida xatlov ishlari olib borilgani qayd etildi. Jumladan, yoqilg‘i quyish shoxobchalari va tadbirkorlik subyektlari faoliyati o‘rganilib, aniqlangan holatlar bo‘yicha tegishli choralar belgilandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi PQ-1 va PQ-2-son qarorlari ijrosini ta’minlash, mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Belgilangan 12 ta indikatorning uchinchi chorakdagi holati yuzasidan tegishli mas’ullarning axborotlari tinglandi.
Yig‘ilishda, shuningdek, shahardagi ijtimoiy soha obyektlari hamda ko‘p qavatli uy-joy fondining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati, favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimi tashkilotlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari ham muhokama qilindi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan mas’ullarga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Shahar hokimi tomonidan har bir yo‘nalish bo‘yicha ish samaradorligini oshirish, aholi murojaatlariga o‘z vaqtida yechim topish, hududlarda xavfsiz va barqaror muhitni ta’minlash hamda belgilangan vazifalar ijrosini qat’iy nazoratga olish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.





